add

O‘rta maxsus va kasbiy ta’limda ustozlar maoshi yangi tartibda belgilanadi

23.07.2025 | 14:158123

2025 yil sentyabridan o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim muassasalari xodimlari uchun ish haqi tizimi tubdan o‘zgarishi kutilmoqda. Hukumat qaror loyihasiga ko‘ra, ustozlar, rahbarlar va yordamchi xodimlar maoshi umumiy o‘rta ta’lim tizimi bilan tenglashtiriladi, 2026 yildan KPI asosida ustamalar ham joriy etiladi.

O‘rta maxsus va kasbiy ta’limda ustozlar maoshi yangi tartibda belgilanadi
Hukumatning «O‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi regulation.gov.uz muhokamalari portalida joylashtirildi. Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab sohadagi ish haqi tizimi bir necha jihatdan o‘zgarishi belgilangan. Jumladan, kasbiy ta’lim tashkiloti o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari umumiy o‘rta ta’lim o‘qituvchilariniki bilan tenglashtiriladi. Akademik litseylardagi ustozlar va yordamchi xodimlar maoshi esa ixtisoslashtirilgan maktablardagi xodimlar bilan bir xil bo‘ladi. Shuningdek, fan nomzodi (PhD), fan doktori (DSc), professor va dotsent unvonlariga ega o‘qituvchilar hamda ishlab chiqarish ta’limi ustalarining ish haqi oliy ta’lim muassasalaridagi katta o‘qituvchilar bilan tenglashtiriladi. Psixologlar va rahbarlar uchun ham yangi me’yorlar joriy etiladi. Xususan, direktor, ijrochi direktor va ularning o‘rinbosarlari uchun bazaviy tarif stavkalari umumiy o‘rta ta’lim muassasalari rahbarlarining maoshi bilan bir xil qilinadi. 2026 yil 1 yanvardan esa KPI — faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari asosida har oylik ustamalar berilishi rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, direktorlarga 20 foizgacha, ijrochi direktor va direktor o‘rinbosarlariga esa 10 foizgacha qo‘shimcha haq tayinlanishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

O‘rta maxsus va kasbiy ta’limda ustozlar maoshi yangi tartibda belgilanadi | Vaqt.uz