add

OTB O‘zbekistonga yo‘l loyihasi uchun 233 mln dollar ajratdi

28.08.2025 | 16:3044863

Bu pullar hisobiga Qoraqalpog‘istondagi A380 trassasining 87 km qismi rekonstruksiya qilinib, To‘rtko‘l–Ellikqal’a–Beruniy aylanma yo‘li barpo etiladi.

OTB O‘zbekistonga yo‘l loyihasi uchun 233 mln dollar ajratdi
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonga CAREC yo‘l koridori 2 muhim qismlarini modernizatsiya qilish uchun 233,1 mln dollar miqdorida qarz ajratdi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida ma’lum qilindi. Loyiha doirasida Qoraqalpog‘istondagi G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beynov (A380) yo‘lining taxminan 87 km qismi yangilanadi. Shuningdek, 75 km uzunlikdagi yangi To‘rtko‘l–Ellikqal’a–Beruniy aylanma yo‘li quriladi hamda A380 trassasining 12 km qismi qayta ta’mirlanadi. OTB ma’lumotiga ko‘ra, yangi yo‘llarda sement-beton qoplamalardan foydalaniladi, baland qumli damballar va yaxshilangan drenaj tizimlari quriladi. Bu yo‘llarni iqlim o‘zgarishlariga bardoshli qilish va ekstremal ob-havo sharoitida ham xavfsiz harakatlanish imkonini berish uchun amalga oshirilmoqda. Bankning O‘zbekiston bo‘yicha direktori Kanokpan Lao-Arayaning ta’kidlashicha, mazkur investitsiya mamlakatning mintaqaviy tranzit markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi va Qoraqalpog‘istonda inklyuziv iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladi. Unga ko‘ra, iqlimga chidamli infratuzilma va aqlli transport tizimlari uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlaydi. Loyiha amalga oshishi natijasida safar vaqtlari qisqarishi, yo‘llarda xavfsizlik oshishi va aholi hamda biznes uchun qulay transport sharoiti yaratilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid