
O‘tkir Yusupov Avstriyada jarrohlik amaliyotidan o‘tadi
10.10.2025 | 20:2022651
13 oktyabr kuni Urugvayga qarshi bo‘ladigan uchrashuvda Abbosbek Fayzullayev ham maydonga tusha olmaydi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi darvozaboni O‘tkir Yusupov «CAFA Nations Cup» finalida olgan jarohati sabab Avstriyaning Insbruk shahrida jarrohlik amaliyotidan o‘tadi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ma’lum qildi.
Futbolchi iyun oyida bo‘lib o‘tgan «CAFA Nations Cup» musobaqasida Eron terma jamoasiga qarshi o‘yinda jarohat olgandi. Darvozabonning jarohati jiddiy bo‘lgani sabab u keyingi bellashuvlarda ishtirok etmagan va davolanish jarayonini boshlagan edi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) xabariga ko‘ra, Yusupov hozirda Avstriyaning Insbruk shahrida jarohatidan davolanmoqda. U yerda futbolchini jarrohlik amaliyoti kutib turibdi. Amaliyotni ushbu yo‘nalishda katta tajribaga ega bo‘lgan avstriyalik jarroh Fink Kristian o‘tkazadi.
Kristian ilgari jahon miqyosidagi bir qator futbol yulduzlari — Sadio Mane, Federiko Keza, Lyuka Ernandes, Leroy Sane va David Alaba kabi sportchilar bilan ham ishlagan. O‘FA ma’lumotiga ko‘ra, aynan shu sabab mutaxassis O‘zbekiston darvozabonining tiklanish jarayonini boshqaradi.
Tashkilot xabarnomasida: “Futbolchimizga tezroq sog‘ayib, safga qaytishini tilaymiz”, — deya qayd etilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekiston jamoasining yana bir a’zosi Abbosbek Fayzullayev ham yaqinda jarohat olgani sabab 13 oktyabr kuni Urugvayga qarshi bo‘ladigan uchrashuvda maydonga tusha olmasligi xabar qilingan.





