
Ozarboyjon prezidentining qizlari Bodrumdagi lyuks hotelga 500 mln yevroli sarmoya kiritdi
28.07.2025 | 16:3022553
Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyevning qizlari Laylo va Orzu Aliyevalar Turkiyadagi turizm sohasiga yirik investitsiya kiritdi. Ular katta ulushga ega bo‘lgan Pasha Holding kompaniyasi Bodrumdagi «Mandarin Oriental» hoteliga taxminan 500 mln yevro sarmoya kiritib, uning 50 foiziga sherik bo‘ldi.

Bodrumda joylashgan mazkur hotel 2014 yilda Astaş Holding tomonidan 650 million yevro mablag‘ evaziga qurilgan bo‘lib, Yevropadagi eng nufuzli dam olish maskanlaridan biri hisoblanadi. Otelda 132 ta xonani o‘z ichiga olgan lyuks villalar va shaxsiy havzalar mavjud. U xalqaro darajada 140 dan ortiq mukofotga loyiq topilgan.
Hamkorlik shartnomasi o‘tgan yili Astaş Holding raisi Vedat Ashji va Pasha Holding bosh direktori Jalol Qosimov o‘rtasida imzolangan. Shundan so‘ng, hotelning yarmi rasman ozarboyjonlik sarmoyadorlar nazoratiga o‘tdi. Vedat Ashji bu sheriklik Bodrum va Turkiyaga katta qiymat qo‘shishini ta’kidladi, deb yozmoqda Sondakika.com nashri.
Pasha Holding — Boku markazida joylashgan, Ozarboyjondagi eng ta’sirli oilalardan biri — Pashayevlar oilasiga tegishli bo‘lib, uning ulushdorlari orasida Aliyevning ikki qizi — Laylo va Orzu Aliyevalar katta ulushga ega. Kompaniya nafaqat hotelchilikda, balki bankchilik, sug‘urta, ko‘chmas mulk va energetika sohalarida ham faoliyat yuritadi. 2021 yil yakunida uning aktivlari 9,5 mlrd dollarga yetgan.
Pasha Holding Turkiya bozoriga ilk bor 2013 yilda kirib kelgan. U Pasha Bank orqali mamlakatning moliyaviy sektorida ham ishtirok etmoqda. Ushbu so‘nggi sheriklik esa guruhning Turkiya iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchi va uzoq muddatli sarmoyaviy rejalarini yanada mustahkamlamoqda.
Bodrumning Jannat Ko‘yi hududida joylashgan ushbu hotelni Mandarin Oriental Hotel Group boshqarmoqda. Loyiha 2010 yilda ishlab chiqilgan va 2014 yil 7 iyulda faoliyat boshlagan.





