add

Ozarboyjon Rossiya zarbasi ortidan Ukrainaga qurol yetkazish bilan tahdid qilmoqda

11.08.2025 | 09:005354

Rasmiy Boku Odessada SOCAR ob’ektlariga qilingan hujumlardan so‘ng qurol embargosini olib tashlash masalasini muhokama qilmoqda.

Ozarboyjon Rossiya zarbasi ortidan Ukrainaga qurol yetkazish bilan tahdid qilmoqda
Ozarboyjon rasmiylari Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaning Odessa oblastdagi davlat neft kompaniyasi SOCAR ob’ektlariga bergan havo zarbalaridan so‘ng Ukrainaga qurol yetkazishga qo‘yilgan embargosini bekor qilishi mumkin. Caliber manbalariga ko‘ra, bunday qaror Moskva «Boku manfaatlariga qarshi tajovuzkor siyosat»ni davom ettirsa qabul qilinadi. 10 avgust kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev telefon orqali muloqot qildi. Tomonlar Rossiyaning respublika ob’ekti va Ukrainaga gaz yetkazuvchi kompressor stansiyasiga qaratilgan aviahujumlarni qoraladi. Zelenskiy bu hujumlarni Ukraina va Yevropaning energetik mustaqilligini ta’minlaydigan yo‘llarni to‘sish urinishi sifatida baholadi. Ikki davlat rahbarlari hamkorlikni to‘xtatmaslikka qat’iy kelishib oldi. 7 avgustdan 8 avgustga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari SOCAR neft bazasiga «Shahed» turidagi besh dron-kamikadze uchirdi. Ushbu hujum oqibatida dizel quvuriga zarar yetdi, yonilg‘i bazasida yong‘in chiqdi, kompaniyaning to‘rt xodimi og‘ir yarador bo‘ldi. Bu — so‘nggi hafta ichida Ozarboyjonga oid energetik infratuzilmaga qilingan ikkinchi hujum. 6 avgust kuni ham «Orlovka» kompressor stansiyasiga o‘nlab dronlar bilan zarba berilgan edi. SOCAR va Ukraina «Naftogaz»i o‘rtasidagi kelishuv asosida Ozarboyjon Ukrainaga gaz yetkazib bermoqda. Hajm katta bo‘lmasa-da, Kiyev buni strategik ahamiyatli deb baholaydi. Rossiya Davlat Dumasi deputati Konstantin Zatulin bunday hamkorlikni Moskvaga nisbatan «nodo‘stona» qadam deya atagan. Aliyev avvalroq Ozarboyjon Ukrainaga qurol yetkazmayotganini, ammo 40 mln dollardan ortiq humanitar yordam ko‘rsatganini aytgan. Respublika, shuningdek, Irpen shahrini tiklashda ham ishtirok etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid