
O‘zbek qovunlari ilk bor Singapur bozoriga yetkazib berildi
29.09.2025 | 09:1946902
«Fergana Exim Agro» O‘zbekistonda yetishtirilgan «torpeda» navli qovunlarni Singapurga eksport qildi. Bu milliy mahsulotlarimizning global bozorlarda nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda yetishtirilgan shirin qovunlar ilk marotaba Singapurga eksport qilindi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar bermoqda.
«Fergana Exim Agro» kompaniyasi Singapurga «torpeda» navli qovunlarni yetkazib berdi. Eksport hajmi katta bo‘lmaganiga qaramay, bu qadam o‘zbek poliz mahsulotlari uchun muhim yutuq sifatida baholanmoqda.
Singapur meva va sabzavotlarning yirik ishlab chiqaruvchilari bilan chegaradosh bo‘lsa-da, o‘zbek qovunlarining xaridorgirligi milliy mahsulotlarimiz raqobatbardoshligini ko‘rsatdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Singapur kabi yuqori standartlar va sifat talablariga ega bozorga kirish «Made in Uzbekistan» brendi nufuzini mustahkamlaydi. Bu esa yangi shartnomalar tuzish, yetkazib berish hajmini oshirish va bozor ulushini kengaytirish imkoniyatini ochadi.
Shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi ilk qadam kelgusida boshqa turdagi meva-sabzavotlarni ham Janubiy-Sharqiy Osiyo bozorlariga olib chiqish uchun keng yo‘l ochishi kutilmoqda.





