add

O‘zbek tilini bilish fuqarolik olishni yengillashtiradi — Hukumat qarori

30.01.2026 | 14:582 daqiqa

B1 darajadagi sertifikatga ega shaxslar O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilish jarayonida davlat tilini bilish imtihonidan ozod etiladi.

O‘zbek tilini bilish fuqarolik olishni yengillashtiradi — Hukumat qarori

Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 28-yanvardagi 31-sonli qarori bilan chet el fuqarolari uchun o‘zbek tilini bilish darajasini aniqlash va malaka sertifikatlarini berish tizimi rasman joriy etildi. Hujjatda imtihonga ro‘yxatdan o‘tish, sertifikat berish va yagona reyestr yuritish tartibi belgilangan.

Yangi tizimga ko‘ra, 2026 yil 1-martdan boshlab chet el fuqarolari CEFR mezonlari asosida A1, A2 va B1 darajalari bo‘yicha imtihon topshirishi mumkin bo‘ladi. Imtihonlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun mas’ul organ sifatida «Bilim va malakalarni baholash agentligi» belgilangan.

Rasmiylar ta’kidlashicha, ushbu qadam o‘zbek tilini o‘rganishni rag‘batlantirish va fuqarolikka qabul qilish jarayonlarini shaffoflashtirishga qaratilgan.

 

Yuqori darajalar keyinroq

2027 yil 1-martdan e’tiboran chet el fuqarolari uchun B2, C1 va C2 darajalari bo‘yicha ham sertifikat imtihonlari joriy etiladi. Imtihonlarni amaliy jihatdan tashkil etish Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining «Ilmiy-o‘quv amaliy markazi» davlat muassasasi zimmasiga yuklatilgan.

Markaz onlayn imtihonlarni o‘tkazish, test materiallarini ishlab chiqish, natijalarni e’lon qilish va elektron sertifikatlar berish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, «O‘zbek tilini bilish imtihoni» elektron platformasi ishga tushiriladi. U orqali ro‘yxatdan o‘tish, to‘lov qilish, imtihon topshirish va apellyatsiya berish mumkin bo‘ladi.

Imtihonlarda ishtirok etish uchun nomzodlar 50 dollar miqdorida to‘lov amalga oshiradi. Imtihon sanalarini vakolatli organ belgilab, platforma orqali e’lon qiladi.

 

Fuqarolik uchun imtiyoz

Qarorga muvofiq, 2026 yil 1-apreldan boshlab o‘zbek tili bo‘yicha kamida B1 darajadagi malaka sertifikatiga ega bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar davlat tilidan qo‘shimcha imtihon topshirishdan ozod etiladi.

Mutaxassislar bu yangilikni fuqarolikka qabul qilish jarayonida til omilini aniq mezonlar asosida baholashga o‘tish sifatida baholamoqda. Shu bilan birga, xorijdagi milliy madaniy markazlar, diplomatik vakolatxonalar va oliy ta’lim muassasalari huzurida o‘zbek tili kurslari tizimi ham saqlab qolinadi.

Hujjat Milliy qonunchilik ma’lumotlar bazasida e’lon qilingan va 2026 yil 29-yanvardan kuchga kirgan.

Teglar

Mavzuga oid