
O‘zbekiston 2025 yilda eng ko‘p oltin sotgan davlatga aylandi
04.07.2025 | 20:1524314
Joriy yil boshidan buyon O‘zbekiston dunyo bo‘yicha eng ko‘p oltin eksport qilgan davlat bo‘ldi. Mamlakat yarim yilda 27 tonna oltin sotib, umumiy eksport tushumlarining qariyb yarmini aynan shu soha tashkil etdi.

Xalqaro oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2025 yilning yanvaridan iyunigacha dunyodagi eng yirik oltin sotuvchisiga aylandi. Mamlakat ushbu davrda 27 tonna oltin eksport qilgan. O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu miqdor 6,6 mlrd dollarlik tushum keltirib, umumiy eksportning 43,8 foizini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 56,9 foiz ko‘pdir.
May oyida Singapur 5 tonna oltin sotgan bo‘lsa, O‘zbekiston va Germaniya har biri 1 tonnadan oltin eksport qilgan. Yil boshidan buyon eng ko‘p sotuvchi mamlakatlar orasida Singapur (10 tonna) O‘zbekistondan keyingi o‘rinda turibdi.
Shu bilan birga, may oyida Qozog‘iston Milliy banki eng ko‘p — 7 tonna oltin sotib oldi. Turkiya va Polsha ham oltin zaxiralarini mos ravishda 6 tonnadan oshirdi. Xususan, Polsha 2025 yil boshidan buyon 67 tonna oltin xarid qilib, bu borada dunyoda yetakchilik qilmoqda.
O‘zbekistondagi oltin zaxiralari 1 iyul holatiga ko‘ra 355,5 tonna bo‘lib, 37,6 milliard dollarga baholangan. Yil boshida ushbu ko‘rsatkich 382,5 tonna bo‘lgan. Shu tariqa, zaxiradagi pasayishga qaramay, mamlakatda oltin eksporti orqali valyuta tushumi sezilarli darajada oshgan.
Tahlillarga ko‘ra, markaziy banklar oltinni strategik aktiv sifatida ko‘ra boshlagan. Ko‘plab davlatlar dollarga bog‘liqlikni kamaytirish uchun oltin zaxiralarini oshirmoqda. Xalqaro oltin kengashi so‘rovnomasiga ko‘ra, 2025 yilda jahondagi markaziy banklarning 95 foizi oltin zaxiralari oshishini kutmoqda.
Rivojlanayotgan mamlakatlar markaziy banklari oltinni inflyatsiya va geosiyosiy xatarlardan himoya sifatida ko‘rayotgani ta’kidlanadi. Oxirgi uch yilda markaziy banklar har yili ming tonnadan ziyod oltin sotib olgan.





