
O‘zbekiston Afg‘onistonga 390 tonna gumanitar yordam yubordi
O‘zbekiston Afg‘onistonga 390 tonna oziq-ovqat, dori-darmon va tibbiy uskunalardan iborat gumanitar yordam yetkazdi.

29-dekabr kuni O‘zbekiston rahbariyati nomidan Afg‘oniston xalqiga navbatdagi gumanitar yordam topshirildi. Marosim Balx viloyatida joylashgan Hayraton shahrida bo‘lib o‘tdi va unda ikki tomon rasmiylari ishtirok etdi.
Umumiy og‘irligi qariyb 390 tonnani tashkil etgan gumanitar yuk Termez Cargo Centre maydonchasida shakllantirildi. Yuk tarkibi aholining eng zarur ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar hamda tibbiy uskunalardan iborat ekani ma’lum qilindi.

Topshirish marosimida Balx viloyati hokimi M. Vafo so‘zga chiqib, Afg‘oniston xalqiga ko‘rsatilayotgan doimiy yordam uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, ushbu ko‘mak O‘zbekiston rahbariyatining afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan izchil siyosati va amaliy sa’y-harakatlarining ifodasidir.
Qayd etilishicha, mazkur gumanitar aksiya 2025 yil davomida Afg‘onistonga yo‘naltirilgan to‘rtinchi yordam hisoblanadi. Avvalgi tashabbuslar ham aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash va oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilgan.
Shuningdek, tadbirda ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. So‘nggi yillarda afg‘on mahsulotlari eksporti hajmlarining o‘sishi, ijtimoiy-iqtisodiy sharoit yaxshilanishi va aholi farovonligi oshishi qayd etildi.





