add

O‘zbekiston chegaralari Bayraktar dronlari bilan qo‘riqlanadi

Bugun 14:441 daqiqa

Yangi maxsus bo‘linmaning jangovor navbatchiligi yo‘lga qo‘yilib, chegara xavfsizligida raqamli nazorat va tezkorlik kuchaytirildi.

O‘zbekiston chegaralari Bayraktar dronlari bilan qo‘riqlanadi

O‘zbekistonda Bayraktar turkumidagi uchuvchisiz uchish apparatlari bilan jihozlangan yangi maxsus bo‘linmaning jangovor navbatchiligi tashkil etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonov prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashining 13-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, chegaralarni qo‘riqlash va himoya qilish tizimi bosqichma-bosqich zamonaviy raqamli texnologiyalar bilan jihozlanmoqda. «Davlat chegaralarining 42 foizi videokuzatuv tizimi bilan ta’minlandi, shuningdek, 1117 kilometr optik tolali aloqa liniyalari yotqizildi», — dedi DXX raisi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu infratuzilma chegara hududlarida vaziyatni real vaqt rejimida kuzatish, ma’lumotlarni tezkor uzatish va xavflarni erta aniqlash imkonini beradi. Bu esa xavfsizlik choralarining samaradorligini sezilarli oshirmoqda.

Bahodir Qurbonovning so‘zlariga ko‘ra, Chegara qo‘shinlarining moddiy-texnika ta’minoti ham yuqori darajaga yetkazilgan. Xususan, bo‘linmalar 98 foizga avtozirhli texnika, 88 foizga suzish vositalari, 100 foizga qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar, 78 foizga elektron-optik vositalar bilan ta’minlangan. Shu bilan birga, zamonaviy uchuvchisiz apparatlar chegara nazoratining ajralmas qismiga aylangan.

Shuningdek, jangovor tayyorgarlik mashg‘ulotlarining shiddati va sifati oshirilgani qayd etildi. Avvalroq 2023 yil noyabr oyida Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismda Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar TB2 zarba beruvchi operativ-taktik droni prezidentga namoyish etilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid