Rossiyada dron hujumida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadlari olib kelindi
Yana bir necha o‘zbekistonliklar turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonada qolmoqda.
© TIV matbuot xizmatiAvvalroq Tataristondagi dron hujumi oqibatida 7 o‘zbekistonlik halok bo‘lgani, sal o‘tib ularning soni yana bir kishiga ortgani haqida xabar bergan edik. Ularning jasadlari 12-avgust kuni O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Vazirlik matbuot xizmatining yozishicha, O‘zbekiston prezidentining topshirig‘iga muvofiq tashkil etilgan Hukumat komissiyasi doirasida Tashqi ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Migratsiya agentligi va boshqa mas’ul idoralar tomonidan halok bo‘lgan vatandoshlarning jasadlarini olib kelish, jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish hamda ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.
Jumladan, vatandoshlarga yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi B. Asadov hamda O‘zbekistonning Qozon shahridagi bosh konsuli N. Qosimov zudlik bilan voqea joyiga borib, mahalliy mas’ul idoralar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.
«O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mazkur holat bilan bog‘liq barcha masalalar, jumladan, jabrlangan fuqarolarga zarur yordam ko‘rsatish ishlari Rossiya tomoni bilan hamkorlikda nazoratga olingan», — deyiladi vazirlik xabarida.
Ma’lumot uchun, ushbu hodisa 11-avgust kuni Nijnekamsk shahrida yuz bergan. Qurbonlar shahar hududida faoliyat yuritgan qurilish korxonasida quruvchi bo‘lib ishlagan. Yana bir necha o‘zbekistonlik turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga joylashtirilgan.





