Logo

O‘zbekistonda yil yakunigacha suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmi 606 ming tonnaga yetkaziladi

Bugun 20:302 daqiqa

«O‘zbekneftgaz» yangi quduqlar hisobiga gaz qazib olishni 887 ming kub metrga oshirmoqchi.

O‘zbekistonda yil yakunigacha suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmi 606 ming tonnaga yetkaziladi © Фото: «Ҳудудгазтаъминот» АЖ

O‘zbekiston ichki bozorida neft va gaz barqarorligini ta’minlash, uglevodorod resurslarini uzluksiz yetkazib berish hamda narxlarning asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qator vazifalar belgilandi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi neft-gaz bozoridagi holat va ko‘riladigan chora-tadbirlar yuzasidan taqdimotda ma’lum qilindi.

Taqdimot davomida «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatiga neft va gaz qazib chiqarish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarini so‘zsiz ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Xususan, ichki bozorda talab va taklif muvozanatini saqlash maqsadida suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini yil yakuniga qadar rejadagi 520 ming tonna o‘rniga 606 ming tonnaga yetkazish topshirildi.

Avgust oyida 27 ta yangi quduq ishga tushiriladi

Qayd etilishicha, sanoat quvvatlari kengayib, aholi ehtiyojlari ortib borayotgan sharoitda ichki talabni ustuvor darajada ta’minlash maqsadida joriy yilning avgust oyida 27 ta quduqni ishga tushirish rejalashtirilgan.

«Yangi Kultak», «Niyoz», «Qoratau», «Marvarid» va «Tegirmon» konlaridagi ishlar hisobiga qo‘shimcha 887 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish imkoniyati yaratiladi», - deyiladi xabarda.

Quduqlarni burg‘ilashdan boshlab gaz uzatish tarmog‘iga ulashgacha bo‘lgan jarayonlarni kunlik nazoratga olish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, yig‘ilishda narxlar barqarorligini saqlash uchun bozorda yetarli taklifni ta’minlash, mahsulotlarni birja savdolariga talabdan kelib chiqib chiqarish hamda ishlab chiqarish va logistika xarajatlarini qisqartirish muhimligi ta’kidlandi. Resurslarni asossiz ushlab turish, sun’iy taqchillik yuzaga keltirish va narxlarni oshirishga qaratilgan holatlarning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mutasaddilarga ichki bozor ehtiyojini kunlik tahlil qilib borish, ishlab chiqaruvchi, tashuvchi va sotuvchi korxonalar faoliyatini o‘zaro muvofiqlashtirish hamda ta’minot bilan bog‘liq xavflarni oldindan aniqlab, zarur choralarni o‘z vaqtida ko‘rish vazifasi yuklatildi.

Teglar

Mavzuga oid