
O‘zbekiston dunyodagi gilos yetishtiruvchi yetakchi mamlakatlar qatorida
12.07.2025 | 13:0047163
Jahondagi gilos bozorida O‘zbekistonning mavqei mustahkamlanmoqda. Italiya va AQSH manbalariga ko‘ra, mamlakat gilos yetishtirish bo‘yicha yetakchi o‘nlikka kirgan, bu esa uning eksport salohiyatini yanada oshirishga turtki bo‘ladi.

Italiyaning Cherrytimes.it va AQSHning World Population River nashrlari e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston dunyodagi gilos yetishtiruvchi mamlakatlar orasida yetakchi o‘nlikka kirgan. Bu O‘zbekistonning agrar salohiyati va meva-sabzavot eksportidagi o‘rni tobora mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
2024 yilda Osiyoda 1,7 million tonna gilos iste’mol qilingan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 3,7 foizga o‘sgan. So‘nggi o‘n bir yil davomida gilos iste’moli yillik o‘rtacha 3,9 foizga o‘sib borgan.
2014 yildan beri gilosga bo‘lgan talab 77 foizga oshgan. 2024 yilda esa mintaqadagi bozor qiymati 7,1 milliard dollarga yetgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 15 foizga ko‘proqdir.
O‘zbekistondagi agrar sektorda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan bog‘dorchilikni rivojlantirish va zamonaviy usullarda gilos yetishtirish — mamlakatni eksportbop mahsulotlar bo‘yicha raqobatbardosh qilayotgan omillardan sanaladi.
Bu kabi e’tiroflar O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jahon bozoriga chiqarish imkoniyatlarini yanada kengaytirishi va tashqi investitsiyalar oqimini rag‘batlantirishi mumkin.





