
O‘zbekiston eng ko‘p oltin qazib oluvchi davlatlar o‘ntaligiga kirdi
18.09.2025 | 11:3328183
Jahonda oltin qazib olish hajmi 2024 yilda 3600 tonnadan oshib, 2023 yilga nisbatan yarim foizga o‘sdi.
«Saravan Info» agentligining xabar berishicha, o‘rtacha o‘sish sur’ati past bo‘lishiga qaramay, oltinga talab sanoatda ham, moliya bozorlarida ham yuqori darajada saqlanib qolmoqda.
An’anaga ko‘ra, Xitoy eng yirik ishlab chiqaruvchi davlat sifatida birinchi o‘rinni egalladi. Undan keyin Rossiya va Avstraliya joylashgan. Kanada hamda AQSH kuchli beshlikka kirgan.
O‘zbekiston esa ilk bor eng ko‘p oltin qazib oluvchi o‘nta davlat qatoriga kirdi. Bu mamlakatning global oltin bozoridagi nufuzi va ta’siri ortib borayotganini anglatadi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, oltin qazib olish an’anaviy ravishda O‘zbekistonning eksport salohiyatida asosiy yo‘nalish bo‘lib kelgan. Yirik ishlab chiqaruvchilar qatoriga kirish esa iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, moliya sektorini rivojlantirish va xorijiy sarmoyalarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar ochishi kutilmoqda.
17 sentyabr kuni O‘zbekistonda oltin quymalar narxi ko‘tarilib, bir grammi uchun 1 mln 510 ming so‘mdan oshgani haqida xabar bergan edik.





