add

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025 yilda 6,7 foizga o‘sishi kutilmoqda

26.09.2025 | 10:3033643

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki yangi prognozida O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish ichki talab va pul o‘tkazmalari hisobiga yuqori bo‘lishini aytmoqda.

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025 yilda 6,7 foizga o‘sishi kutilmoqda
2025 yilda O‘zbekiston YAIM 6,7 foizga, 2026 yilda esa 6 foizga o‘sishi kutilayotgani ta’kidlandi. Asosiy omillar sifatida kuchli ichki talab, ish haqi oshishi va migrantlar pul o‘tkazmalari hajmining ortishi ko‘rsatilgan. Bu haqda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki «Mintaqaviy iqtisodiy istiqbollar» hisobotida keltirib o‘tdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,2 foizga o‘sgan, xizmatlar sohasida esa o‘sish 8,2 foizni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkichlar aholi daromadlari va pul o‘tkazmalari 28,7 foizga ko‘payishi bilan izohlandi. Shuningdek, oziq-ovqat va metallurgiya ishlab chiqarishi kengaygani qayd etildi. Gaz qazib chiqarishdagi pasayish esa dunyodagi yuqori oltin narxlari bilan qoplangan. Hisobotda qayd etilishicha, 2026 yilda iqtisodiy o‘sish sur’ati biroz sekinlashib, 6 foizdan 5,2 foizga tushishi mumkin. Shu bilan birga, diversifikatsiya qilingan ishlab chiqarish va xorijiy investitsiyalar iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari bo‘lib qolishi ta’kidlanmoqda. Markaziy Osiyodagi qo‘shni davlatlarda ham yuqori o‘sish kutilmoqda. Xususan, Qirg‘iziston 2025 yilda 9 foiz bilan eng yuqori o‘sish sur’atiga ega bo‘lishi mumkin. Qozog‘istonda 5,7 foiz, Tojikistonda 7,5 foiz, Turkmanistonda 6,3 foiz va Mo‘g‘ulistonda 5,8 foiz o‘sish prognoz qilingan. YeTTB hisobotida hudud uchun asosiy xavflar sifatida xomashyo narxlarida keskin o‘zgarishlar, Rossiya va Xitoy bozorlariga yuqori bog‘liqlik hamda pul o‘tkazmalari hajmi qisqarishi ehtimoli qayd etilgan.

Teglar

Mavzuga oid