add

O‘zbekiston Iroq va Suriyaga savdo maslahatchilarini yuboradi

Mirziyoyevga ko‘ra, Suriya, Iroq va Afg‘onistonning o‘zida 30 mlrd dollarlik mahsulotga ehtiyoj bor.

O‘zbekiston Iroq va Suriyaga savdo maslahatchilarini yuboradi

Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahrida O‘zbekiston Tovar-xomashyo birjasi filiali ochiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, Urgut tumani yiliga 40 million dollarlik sanoat mahsulotlarini eksport qilmoqda. Tumanda yiliga 350 million dollarlik sanoat mahsuloti chiqishi hisobga olinsa, bu juda kam.

Prezidentga ko‘ra, Suriya, Iroq va Afg‘onistonning o‘zida 30 milliard dollarlik elektrotexnika, tekstil, oziq-ovqat, avtomobil, farmatsevtika va qurilish materiallariga ehtiyoj bor.

«Lekin, bu bozorlarga jadal kirib borish bo‘yicha na tarmoq rahbarlari, na hokimlar haligacha tayinli natija ko‘rsatmayotgani ko‘rsatib o‘tildi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bois, yil yakunigacha Afg‘onistonni Mozori-Sharif shahrida Tovar-xomashyo birjasi filiali ochiladi va kamida 100 turdagi mahalliy mahsulotlarni sotish yo‘lga qo‘yiladi.

Keyingi yildan Savdo-sanoat palatasining Iroqda 3 nafar, Suriyada 2 nafar savdo maslahatchilari ish boshlaydi. Iroqning eng yirik 100 ta tadbirkorlarini Samarqandga taklif qilib, «O‘zbekiston-Iroq» biznes forumini o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Umuman, kelasi yili viloyatda 70 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va sanoatda 25 ming ish o‘rni yaratish reja qilingan.

Teglar

Mavzuga oid