add

O‘zbekiston JCH-2026dan qancha mablag‘ olishi ma’lum qilindi

Bugun 18:5515822 daqiqa

FIFA 2026 yilgi Jahon chempionati ishtirokchilari uchun rekord sovrin jamg‘armasini belgiladi va har bir terma jamoaga kafolatlangan minimal to‘lov ajratdi.

O‘zbekiston JCH-2026dan qancha mablag‘ olishi ma’lum qilindi

Xalqaro futbol federatsiyasi 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etadigan terma jamoalar uchun moliyaviy to‘lovlar miqdorini tasdiqladi. Qaror FIFA Kengashining Qatar poytaxti Doha shahrida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida qabul qilindi. Unga ko‘ra, musobaqaning umumiy sovrin jamg‘armasi 727 million dollar etib belgilandi va bu tashkilot tarixidagi eng yirik mablag‘ hisoblanadi.

Ushbu summa 2022 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati sovrin jamg‘armasidan qariyb 50 foizga ko‘proq. Mablag‘lar turnirda ishtirok etadigan milliy futbol assotsiatsiyalari o‘rtasida taqsimlanadi. Asosiy qism, ya’ni 655 million dollar jamoalarning sport natijalariga qarab mukofot sifatida to‘lanadi.

Tasdiqlangan tartibga ko‘ra, chempion jamoa 50 million dollarga ega bo‘ladi. Finalda mag‘lub bo‘lgan jamoaga 33 million dollar ajratiladi. Uchinchi o‘rin uchun o‘yinda g‘alaba qozongan terma jamoa 29 million, to‘rtinchi o‘rinni egallagan jamoa esa 27 million dollar oladi. Chorak finalda to‘xtagan jamoalarga 19 million dollardan to‘lanadi.

1/8 finalda mag‘lub bo‘lgan jamoalar 15 million dollar, 1/16 finalda mag‘lub bo‘lganlar 11 million dollar bilan taqdirlanadi. Guruh bosqichidan chiqa olmagan terma jamoalar esa 9 million dollar oladi. Bundan tashqari, saralashdan o‘tgan har bir jamoaga turnirga tayyorgarlik xarajatlarini qoplash uchun qo‘shimcha 1,5 million dollar ajratiladi.

Shu tariqa, 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etuvchi har bir terma jamoa uchun minimal kafolatlangan to‘lov 10,5 million dollardan kam bo‘lmaydi. O‘zbekiston ham boshqa davlatlar kabi eng kamida 10,5 mln dollar oladi. FIFA prezidenti Janni Infantino mazkur chempionat moliyaviy jihatdan ham global futbol hamjamiyati uchun yangi bosqich bo‘lishini ta’kidladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 11-iyundan 19-iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksikada o‘tadigan Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etadi. Terma jamoa «K» guruhida Kolumbiya, Portugaliya hamda Yamayka, Yangi Kaledoniya va Kongo DR o‘rtasidagi pley-off g‘olibi bilan bellashadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA 2026 yilgi jahon chempionati uchun 60 dollarlik chiptalar chiqarishi haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid