
O‘zbekiston muzeylarida bilet narxlari sezilarli oshdi
2025 yilda O‘zbekistonda muzeylarga kirish narxi 32,6 foizga oshgan.

2025 yil davomida O‘zbekistonda muzeylarga kirish biletlari narxi o‘rtacha 32,6 foizga oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Narxlar o‘sishi faqat muzeylar bilan cheklanib qolmagan. Hisobotga ko‘ra, teatr xizmatlari 17,4 foizga, kinoteatr xizmatlari esa 8,1 foizga qimmatlashgan. Bu holat aholining madaniy dam olish xarajatlari yil davomida sezilarli darajada oshganini anglatadi.
Ayni paytda respublika hududida 127 ta davlat muzeyi faoliyat yuritmoqda. Ushbu muzeylar fondida 2,6 milliondan ortiq eksponat va qimmatbaho kolleksiyalar saqlanadi. Mazkur obyektlar mamlakatning madaniy merosini saqlash va ommalashtirishda muhim o‘rin tutadi.
Ma’lumot uchun, 2025 yilda O‘zbekiston muzeylariga yil davomida 1 milliondan ortiq xorijiy sayyoh va 3,2 million nafar mahalliy aholi tashrif buyurgan.





