O‘zbekiston sun’iy intellekt xizmatlari hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazmoqchi
Mamlakat sun’iy intellektga tayyorlik bo‘yicha xalqaro reytingda 25 pog‘ona yuqorilab, 62-o‘ringa ko‘tarildi. Respublika 2030-yilgacha dunyodagi eng ilg‘or 50 ta davlat qatoriga kirishni maqsad qilgan.
© Foto: president.uzO‘zbekistonda sun’iy intellekt asosida yaratilgan dasturiy mahsulot va xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish, infratuzilmani kengaytirish hamda 200 dan ortiq yangi loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevga qilingan taqdimotda aytildi.
Davlat rahbari sohadagi texnologiyalar shiddat bilan o‘zgarayotganini ta’kidlab, jahon va mintaqadagi tendensiyalarni muntazam tahlil qilish, ilg‘or ishlanmalarni tezkor o‘zlashtirish va yangi tashabbuslarni ilgari surish zarurligini aytdi. Taqdimotga ko‘ra, joriy yilning iyul oyida «Raqamli hukumat» data-markazida AQSHning «Nvidia» texnologiyalari asosidagi superkompyuter ishga tushirilgan. U quvvati bo‘yicha jahon reytingida 321-o‘rinni egalladi. Bir oy ichida klaster yuklamasining 90 foizga yetgani mamlakatda hisoblash quvvatlariga talab yuqori ekanini ko‘rsatmoqda.
Qayd etilishicha, bugungi kungacha 24 million dollarlik zamonaviy hisoblash infratuzilmasi ishga tushirilgan. Mavjud klasterni kengaytirish uchun yana 70 million dollar yo‘naltirish taklif qilindi.
Shavkat Mirziyoyev joriy yilning o‘zida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sun’iy intellekt asosida amalga oshiriladigan loyihalar sonini 100 tadan oshirish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Tibbiyot, energetika, transport, bojxona, huquqiy xizmatlar, jamoat xavfsizligi, ekologiya va geologiya yo‘nalishlarida ishlab chiqilayotgan yechimlar taqdim qilindi.
Bu borada IT-Park rezidentlari, startaplar va 20 dan ortiq sun’iy intellekt laboratoriyalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi. Joriy yilda ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan rezidentlar sonini 300 taga, ular tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmini 2 trillion so‘mga, eksportni esa 160 million dollarga yetkazish kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq nega yirik SI laboratoriyalari shunchalik ko‘p faylasuflarni ishga yollayotgani haqida yozgan edik.

Sun’iy intellekt
AI texnologiyalarining o‘sishi va xavflari.





