
O‘zbekiston tashqi savdosi: eksportda oltin, importda texnika ustunlik qilmoqda
24.06.2025 | 20:2011273
Besh oyda mamlakat tashqi savdo aylanmasi 31,3 mlrd dollarga yetdi

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar—may oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 31,3 mlrd dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga ko‘p. Shundan 14,8 milliard dollari eksport, 16,5 mlrd dollari esa import hissasiga to‘g‘ri keladi.
Tashqi savdo tafovuti 1,7 mlrd dollarni tashkil etdi. Mamlakat savdo aloqalarida asosiy sheriklar sifatida Xitoy (5,4 mlrd dollar), Rossiya (4,8 mlrd dollar) va Qozog‘iston (1,8 mlrd dollar) qayd etilgan.
Eksportdagi eng yirik ulush oltin sotuviga to‘g‘ri kelmoqda — 6,6 mlrd dollar (43,8%). Bu ko‘rsatkich 2024 yilning mos davriga nisbatan 56,9 foizga o‘sgan. Shuningdek, 3,24 mlrd dollarlik xizmatlar, 1,5 mlrd dollarlik sanoat mahsulotlari, 925,8 million dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari hamda 288 mln dollarlik tabiiy gaz eksport qilingan.
Eksportning katta qismi Rossiya (1,6 mlrd dollar), Xitoy (755 mln dollar), Qozog‘iston (518,8 mln dollar) va Afg‘oniston (515,9 mln dollar) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Importda esa asosiy o‘rinni texnika va transport vositalari egalladi. Yangi texnika, ehtiyot qismlar va samolyotlar uchun 5,5 mlrd dollar sarflangan. Shuningdek, mamlakatga 1,62 mlrd dollarlik oziq-ovqat va tirik hayvonlar, 874,9 million dollarlik neft mahsulotlari, 776,1 million dollarlik dori-darmon va 1,15 milliard dollarlik metall mahsulotlari olib kirilgan.





