
O‘zbekiston va Afg‘oniston qo‘shma transport kompaniyasini tuzdi
21.09.2025 | 10:006123
Qobul va Mozori-Sharif yuk tashish yo‘nalishi orqali O‘zbekiston va Afg‘oniston savdo aloqalarini kengaytirishga qadam qo‘ydi. Yangi qo‘shma kompaniya orqali yillik 150 ming tonna mahsulot tashish imkoniyati yaratiladi.

O‘zbekiston va Afg‘oniston hamkorligida yuk tashish bo‘yicha «Sogdiana Trans» qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Tashabbus Afg‘onistonning «Khan Daqiq Trading» kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Bu haqda MID axborot agentligi «Dunyo» xabar qildi.
«Khan Daqiq Trading» rahbari Xamid Xon ma’lum qilishicha, kompaniya yillik 150 ming tonna mahsulotni Kamaz yuk mashinalari orqali Qobul – Mozori-Sharif yo‘nalishida yetkazib berishi mumkin. Keyin mahsulotlar Mozori-Sharifdan temir yo‘l orqali O‘zbekiston, Qozog‘iston, Belarus, Rossiya va Boltiqbo‘yi mamlakatlariga yuboriladi. Shu orqali turli tovarlarni import qilish imkoniyati ham ochiladi.
«Sogdiana Trans» logistika va marketing bo‘limi boshlig‘i Aziz Abdullayev kompaniya faoliyati uchun yaratilgan imkoniyatlar tufayli prezident Shavkat Mirziyoyev va «O‘zbekiston temir yo‘llari» rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, «Sogdiana Trans» «O‘zbekiston temir yo‘llari»ning tarkibidagi kompaniya hisoblanadi. Uning ustav kapitali 500 mln so‘m bo‘lib, 2011 yil yanvar oyida tashkil etilgan. Kompaniya yuk tashish va temir yo‘l xizmatlari bilan shug‘ullanadi.
Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston va Afg‘oniston Xayraton – Mozori-Sharif temir yo‘l tarmog‘ini ekspluatatsiya qilish shartnomasini uzaytirdi. 2010 yilda qurilgan ushbu 75 km uzunlikdagi yo‘l va Noibobod stansiyasi 2024 yilning fevral–avgust oylarida to‘liq rekonstruksiya qilindi.





