
O‘zbekiston va CNPC neft-gaz sohasida yangi loyihalarni muhokama qildi
Energetika vazirligida Xitoy milliy neft va gaz korporatsiyasi (CNPC) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

31 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida Xitoy milliy neft va gaz korporatsiyasi (CNPC) raisi Day Houlyan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, CNPC raisi Day Houlyan hamda neft-gaz sohasidagi yirik korxonalar rahbarlari ishtirok etdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar barcha yo‘nalishlarda, jumladan yoqilg‘i-energetika sohasida izchil rivojlanayotganini va strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini ta’kidladilar.
Uchrashuvda joriy yil 2 sentyabr kuni Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan CNPC raisi Day Houlyan uchrashuvi yangicha sifat bosqichiga chiqishda muhim ahamiyat kasb etgani qayd etildi.
Muzokaralarda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi. Jumladan, «Markaziy Osiyo—Xitoy» gaz haydash quvurini qurish, Buxoro viloyatidagi gazkondensat konlarini o‘zlashtirish loyihalarini amalga oshirish, gazni yer osti omborlarida saqlash tizimini yaratish, yangi konlarni rivojlantirish va sohada malakali kadrlar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda taraflar energetika xavfsizligini mustahkamlash va sohaning texnologik salohiyatini oshirish maqsadida hamkorlikni izchil davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.





