
O‘zbekiston va Polsha inklyuziv ta’limda hamkorlikni kengaytiradi
13.06.2025 | 14:205622
O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida inklyuziv ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Uchrashuvda bolalar uchun keng imkoniyatlar yaratish, pedagoglar tayyorlash va ota-onalarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

2025 yil 12 iyun kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligida Polsha ta’lim vaziri Barbara Novatskaya boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar inklyuziv ta’lim sohasida tajriba almashish, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun qulay sharoitlar yaratish va ta’lim tizimida raqamli yechimlardan foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdi.
Polsha tomoni o‘z mamlakatining individual yondashuv, UNICEF bilan hamkorlik va raqamli texnologiyalarni joriy etish borasidagi yutuqlarini taqdim etdi. Ular ikki davlatni birlashtiruvchi umumiy vazifalar mavjudligini ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston mutaxassislarining Polshaga o‘quv tashriflarini tashkil etish, pedagog va assistentlarni tayyorlashda tajriba almashish, shuningdek inklyuziv ta’lim hamda kasbga yo‘naltirish bo‘yicha yechimlarni o‘rganish masalalarida hamkorlik qilishga kelishildi.
Ikki davlat mutaxassislari bu sohadagi muloqotni davom ettirish va o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish niyatida ekanliklarini ma’lum qilishdi.





