
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalari boshlandi
17.07.2025 | 19:009002
16 iyul kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston to‘lov tizimlari o‘zaro pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘ydi. Endi fuqarolar mobil ilovalar orqali pul yuborish va qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

«Uzcard» va «Elkart» to‘lov tizimlari o‘rtasidagi integratsiya natijasida foydalanuvchilar uchun yangi moliyaviy xizmatlar ishga tushirildi. Qirg‘izistonliklar «Elkart Mobile», o‘zbekistonliklar esa «Unired» ilovasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri transferlarni amalga oshirishlari mumkin.
Qirg‘izistonning Banklararo protsessing markazi ma’lum qilishicha, mazkur hamkorlik faqat texnik yangilik emas, balki mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.
«Bu infratuzilmaviy loyihalar orqali ikki davlat o‘rtasida ishonch va iqtisodiy aloqalar mustahkamlanadi», — dedi «MPC» rahbari Oltimish Turatbekov.
Yangi yo‘nalishning ishga tushirilishi O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan moliyaviy integratsiyasini yanada kengaytirmoqda.





