add

O‘zbekistonda bir oyda qariyb 100 mlrd so‘mlik gaz va elektr talon-toroj qilindi

2025 yil oktyabr oyida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 200 ga yaqin holat aniqlangan.

O‘zbekistonda bir oyda qariyb 100 mlrd so‘mlik gaz va elektr talon-toroj qilindi

Oktyabr oyida O‘zbekiston bo‘ylab energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish natijasida tizimga 99 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda «Oʻzenergoinspeksiya» matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2025 yil oktyabr oyida o‘tkazilgan keng ko‘lamli tekshiruvlar davomida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq 192 ta holat aniqlangan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 22,3 million kWh elektr energiyasi (63,9 milliard so‘m) va 11,4 million kub metr tabiiy gaz (35 milliard so‘m) noqonuniy ishlatilgan. Umumiy hisobda ushbu holatlar bo‘yicha 99 milliard 15 million so‘mlik zarar qayta hisoblangan.

Shuningdek, tekshiruvlar jarayonida energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq 479 ta ma’muriy ish rasmiylashtirildi. Qoidalarni buzgan iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.

Ma’lumot uchun, 2023 yil iyun oyidan boshlab O‘zbekistonda elektr, gaz, issiqlik yoki suv ta’minoti tarmoqlaridan noqonuniy foydalanish rasman «o‘g‘rilik» deb belgilangan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Jinoyat kodekslariga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, bunday qilmish uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki katta jarimalar qo‘llanilishi mumkin. Oz miqdordagi holatlarda esa 10—20 baravar bazaviy hisob miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining ikki tumanida jami 2,4 mlrd so‘mlik elektr va gaz noqonuniy ishlatilgan holatlar aniqlangani haqida xabar berilgandi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda bir oyda qariyb 100 mlrd so‘mlik gaz va elektr talon-toroj qilindi | Vaqt.uz