add

O‘zbekistonda birinchi mikromoliya banki tashkil etilmoqda

24.07.2025 | 13:001803

2022 yilda tashkil etilgan «TAYYAB FINANCE MIKROMOLIYA TASHKILOTI» aksiyadorlik jamiyati O‘zbekistonda birinchi bo‘lib mikromoliya bankiga aylanish uchun Markaziy bankdan rasmiy ravishda dastlabki ruxsatnomani oldi.

O‘zbekistonda birinchi mikromoliya banki tashkil etilmoqda
Bu haqda Bankers.uz xabar berdi. Yangi moliyaviy tuzilma raqamli bank sifatida faoliyat yuritishi rejalashtirilgan bo‘lib, keng tarmoqli xizmat ko‘rsatish nuqtalari orqali barcha turdagi bank xizmatlarini taklif etadi. Boshqaruv jamoasi bank sohasida katta tajribaga ega mutaxassislardan tashkil topgan. 2025 yil fevralda qabul qilingan O‘RQ-1026-sonli qonun bilan O‘zbekistonda mikromoliya banklarini tashkil etishga huquqiy asos yaratilgan. Mikromoliya banki — bu mikromoliya tashkilotlari va tijorat banklari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lib, ustav kapitali kamida 50 mlrd so‘m bo‘lishi shart. Qonunga muvofiq, mikromoliya banki jismoniy shaxslardan qabul qiladigan omonatlar miqdori cheklangan, yakka qarz oluvchilarga beriluvchi kredit hajmi 5 mlrd so‘mdan oshmasligi, kredit portfelining kamida 70 foizi tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ajratilishi lozim. Shuningdek, bunday banklar tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirmaydi, chet el banklarida hisob ochish huquqiga ega emas va yuqori likvidli davlat qimmatli qog‘ozlariga investitsiya kiritish orqali likvidlikni boshqarishi mumkin. Mikromoliya bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya Markaziy bank tomonidan beriladi. Dastlabki ruxsatnoma 6 oy muddatga beriladi va shu davr mobaynida tashkilot barcha zarur talablarni bajarishi kerak.

Teglar

Mavzuga oid