
O‘zbekistonda dori-darmonlar narxi pasayadi
2026 yil mart oyidan boshlab aholi uchun dori vositalari 40–60 foizgacha arzonlashishi aytilmoqda.

O‘zbekistonda 2026 yil 1-martdan boshlab aholi uchun dori-darmonlar narxi 40–60 foizgacha pasaytirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, narxlarning sezilarli pasayishiga import qilinadigan 2 ming nomdagi dori vositalari uchun referent narxlar belgilanishi, distribyutorlar ustamalarining qisqartirilishi natijasida ta’minot zanjiridagi ortiqcha xarajatlar kamaytirilishi sabab bo‘lmoqda.
Narxlar pasayishiga yana bir muhim omil — farmatsevtika sohasiga investitsiyalar hajmining oshganidir. Ma’lumotlarga ko‘ra, sohaga 392 million AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb etilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 2,3 barobar ko‘pni tashkil etadi. Mazkur mablag‘lar ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga yo‘naltirilmoqda.
Shuningdek, yil oxiriga qadar yana 4 ming nomdagi dori vositalari narxini pasaytirish rejalashtirilgan. Mahalliy korxonalarda texnologiyalar transferi asosida import o‘rnini bosuvchi dori mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish orqali ichki bozor barqarorligini mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda.





