
O‘zbekistonda faktoring bozori 1,3 trln so‘mga yetdi
18.06.2025 | 13:0046963
2025 yilning birinchi choragida O‘zbekistonda faktoring xizmatlari hajmi 1,3 trln so‘mga yetdi. Bu haqda Markaziy bankning faktoring bozoriga oid hisobotida ma’lum qilindi. Hajmning 90 foizi tijorat banklari, 10 foizi esa mikromoliya tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Aynan raqamli faktoring xizmatlarida sezilarli o‘sish kuzatildi — 942 mlrd so‘mlik shartnomalar ushbu kanal orqali amalga oshirildi. Ulardan 544 mlrd so‘mlik xizmatlar Finmakon platformasi, 398 mlrd so‘mliklari esa Ozplanet orqali taqdim etilgan.
Mikro va kichik biznes orasida faktoringga talab ortishi natijasida bozor hajmi 2024 yilning oxirgi choragiga nisbatan 1,1 baravarga o‘sdi. Masalan, 2024 yil dekabridagi 630 mlrd so‘mlik ko‘rsatkich 2025 yil mart oyida 680 mlrd so‘mga yetdi.
Yirik faollik davlat banklarida kuzatildi. Asaka bank 202 mlrd so‘mlik, O‘zsanoatqurilishbank — 194 mlrd so‘mlik va O‘zmilliybank — 108 mlrd so‘mlik operatsiyalarni amalga oshirdi. Xususiy banklardan Kapitalbank — 130 mlrd so‘m, Hamkorbank — 128 mlrd so‘m va Asia Alliance bank — 66 mlrd so‘mlik shartnomalar tuzdi.
Hududlar kesimida Toshkent shahri 842 mlrd so‘m (65,3 foiz) bilan yetakchilik qildi. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (128 mlrd), Andijon (106 mlrd) va Buxoro (52 mlrd) viloyatlari qayd etildi.
Xizmatlardan asosan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar (75 foiz), aksiyadorlik jamiyatlari (16 foiz) va xorijiy kapitalga ega korxonalar (8 foiz) foydalangan.
Eksportchilarga 4,6 mlrd so‘mlik xalqaro faktoring xizmatlari ko‘rsatildi. Asia-Invest banki esa O‘zmilliybank, Asaka bank va Invest Finans bank bilan hamkorlikda 221,7 mlrd so‘mlik xalqaro shartnomalarni amalga oshirdi.





