add

O‘zbekistonda hafta o‘rtalaridan havo harorati keskin pasayishi kutilmoqda

Kecha 17:20441

Haftaning ikkinchi yarmida mamlakat bo‘ylab ob-havo asosan yomg‘irsiz bo‘ladi. Tog‘ oldi hududlarida harorat kechasi -10 darajagacha sovishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda hafta o‘rtalaridan havo harorati keskin pasayishi kutilmoqda

O‘zgidromet xabar berishicha, 5–8 noyabr kunlari O‘zbekiston bo‘ylab havo holati barqaror bo‘lib turadi. Ko‘pchilik hududlarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmayotgan bo‘lsa-da, 5 noyabr kuni Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kechasi yoki ertalab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Qoraqalpog‘iston va Xorazmda havo quruq bo‘lib, shamol soniyasiga 7–12 metr tezlikda esadi. Harorat tunlari -3 daraja sovuqdan +2 daraja iliqqacha, kunduzlari esa +10…+15 daraja iliq bo‘ladi. Buxoro va Navoiyda ham ob-havo o‘zgaruvchan, lekin yomg‘irsiz. Kunduzgi harorat +12…+17 daraja iliqqacha ko‘tariladi.

Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida 5 noyabr kuni tuman tushishi ehtimoli bor. Keyingi kunlarda yomg‘ir kutilmaydi. Harorat tunlari 0…+5 daraja iliq, ayrim joylarda -2 daraja sovuqqacha pasayishi mumkin. Kunduzi esa +10…+15 daraja iliq bo‘ladi.

Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida havo quruq bo‘lib, shamol shimoliy-sharqdan soniyasiga 7–12 metr tezlikda esadi. Kunduzgi harorat 8 noyabrga qadar +20 daraja iliqqacha yetsa, tunlari -2 daraja sovuqqacha tushishi mumkin.

Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 5 noyabr kuni ertalab yomg‘ir yog‘ishi mumkin, keyinchalik havo ochilib, barqarorlashadi. Harorat tunlari 0…+5 daraja iliq, kunduzi +10…+15 daraja iliq bo‘ladi.

Respublika tog‘ va tog‘ oldi hududlarida 5 noyabr kuni qisqa muddatli qor yog‘ishi kutilmoqda. 6–8 noyabrda yomg‘ir va qor yog‘ishi ehtimoli past. Harorat kechasi -5…-10 daraja sovuq, kunduzi -2 daraja sovuqdan +7 daraja iliqqacha bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid