add

O‘zbekistonda ishchi kuchiga talab ortgan, ammo ish izlovchilar kamaymoqda — Markaziy Bank 

23.08.2025 | 12:0039224

Eng ko‘p vakansiyalar savdo, umumiy ovqatlanish va ishlab chiqarish sohalarida qayd etilgan.

O‘zbekistonda ishchi kuchiga talab ortgan, ammo ish izlovchilar kamaymoqda — Markaziy Bank 
Markaziy bankning tahlillariga ko‘ra, joriy yil aprel–iyun oylarida mamlakatda taklif qilingan bo‘sh ish o‘rinlari soni oldingi chorakdagidan 28,7 foizga ko‘paygan. Eng ko‘p vakansiyalar savdo (19,4 foiz), umumiy ovqatlanish (17,5 foiz) va ishlab chiqarish (16,8 foiz) sohalarida qayd etildi. Biroq ish o‘rinlari ko‘payishiga qaramay, onlayn ish izlash faoliyati sezilarli ravishda pasaygan. Bu esa mehnat bozorida talab va taklif o‘rtasidagi nomutanosibliklarni ko‘rsatmoqda. Savdo, xizmat ko‘rsatish va marketing yo‘nalishida rezyumelar soni oshgan bo‘lsa-da, umumiy dinamika yillar davomida pasayish tendensiyasini namoyon qilmoqda. So‘rov natijalariga ko‘ra, tadbirkorlar orasida yaqin uch oyda yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirayotganlar ulushi pasaydi. I chorakda bu ko‘rsatkich 36,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, II chorakda 30,2 foizga tushdi. Sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida bunday pasayish ayniqsa yaqqol ko‘ringan. Shu bilan birga, ish o‘rinlarini mavjud holatda saqlab qolishni rejalashtirgan tadbirkorlar ulushi o‘sib, 61,2 foizga yetdi. Bu ko‘plab kompaniyalar kengayishdan ko‘ra mavjud holatni barqaror saqlashni ma’qul ko‘rayotganini anglatadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, II chorakda ish haqining nominal o‘sishi 17,2 foizni, real o‘sishi esa 7,3 foizni tashkil etdi. O‘rtacha oylik ish haqi taxminan 6 million so‘mga yetdi. Moliya va sug‘urta sohasida ish haqi eng yuqori — o‘rtacha 16,3 million so‘m, axborot va kommunikatsiya sohasida esa 14,8 million so‘m bo‘ldi. Eng past o‘sish qurilish sohasida kuzatildi, bu yerda ish haqi real ko‘rsatkichda 2,8 foizga pasaydi. 2025 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotida 14,6 million kishi ish bilan band. Shu bilan birga, 800 ming kishi ishsiz sifatida qayd etilgan, mehnat bozoriga kirmagan aholi soni esa 22,5 million nafarga teng.

Teglar

Mavzuga oid