add

O‘zbekistonda iste’mol narxlari indeksini yangi uslubda hisoblashga o‘tiladi

Xalqaro valuta jamg‘armasi ekspertlari tavsiyasiga ko‘ra, 10 kunlik kuzatuvdan 30 kunlikka o‘tiladi, narx kuzatuvi obyektlari soni esa 4500 dan 7200 taga oshiriladi.

O‘zbekistonda iste’mol narxlari indeksini yangi uslubda hisoblashga o‘tiladi

Bu haqda Toshkentdagi «Renessans» kino uyida Milliy statistika tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan «Milliy statistikada yangi bosqich: shaffoflik va xalqaro standartlar sari» xalqaro amaliy konferensiya va matbuot anjumanining inflyatsiyani hisoblash uslubiyotini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan sessiyasida aytib o‘tildi, deb xabar bemoqda Vaqt.uz muxbiri.

Milliy statistika qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Rustem Mahammadiyev, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov iste’mol narxlari indeksini shakllantirishda xalqaro standartlarga o‘tish, kuzatuv obyektlari sonini oshirish, narxlar monitoringida raqamli manbalardan foydalanish va hisoblash formulalarini yangilash bo‘yicha rejalashtirilayotgan ishlar haqida gapirib berishdi.

Mutaxassislar inflatsiya ko‘rsatkichlarining aholi farovonligi va iqtisodiy siyosat uchun ahamiyatini inobatga olgan holda uslubiyotni yangilash muhimligini qayd etdilar.

Qayd etilishicha, Xalqaro valuta jamg‘armasi ekspertlari bilan birgalikda 2026 yildan mamlakatimizda inflyatsiyani hisoblash uslubiyotini xalqaro standartlarga mos ravishda takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Bunda, iste’mol narxlari indeksini hisoblashda:

  • 10 kunlik (har oy 10–20 sanasida) kuzatuvdan 30 kunlikka o‘tish;

  • narx kuzatuvi obyektlari sonini 4 500 dan 7 200 ga oshirish;

  • muqobil ma’lumotlar manbalaridan olinadigan oylik narxlar sonini 100 mingtaga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

Avvalroq Milliy statistika qo‘mitasi  qayta ko‘rib chiqish natijasida respublika iqtisodiyotining haqiqiy ko‘lami ilgari qayd etilganidan yuqoriroq, 2024 yilgi YAIM 121,4 mlrd dollar ekani aniqlangani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda iste’mol narxlari indeksini yangi uslubda hisoblashga o‘tiladi | Vaqt.uz