
O‘zbekistonda maosh olishda «bank tanlovi» erkinligi joriy etiladi
2026-yildan fuqarolar ish beruvchi belgilagan bankka majburiy bog‘lanishdan ozod qilinadi. Markaziy bank maoshlarni istalgan bank yoki elektron hamyonga qabul qilish imkonini yaratadi.

O‘zbekistonda maoshlarni faqat ish beruvchi bilan shartnoma tuzgan bank orqali olish amaliyoti tugayotgani ma’lum qilindi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni imzolagan moliyaviy texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha qarorga muvofiq, mamlakatda «maosh qulligi» deb tanilgan tizim bosqichma-bosqich bekor qilinadi.
Hujjatda keltirilishicha, Markaziy bank raisi Timur Ishmetovga fuqarolarga bank kartasini ochishda muayyan tijorat bankiga majburiy biriktirish amaliyotini tugatish bo‘yicha vazifa yuklangan. Bu qadam chakana bank xizmatlari bozorida raqobatni kuchaytirish, to‘lov xizmatlari sifatini oshirish va foydalanuvchilar uchun teng imkoniyatlar yaratishni maqsad qiladi.
Markaziy bank dekabr oyi davomida fuqarolarga maosh, stipendiya va boshqa daromadlarni istalgan bank yoki elektron hamyon provayderi orqali qabul qilish huquqini kafolatlovchi chora-tadbirlar paketini ishlab chiqishi lozim. Bu orqali ish beruvchilar xodimlarga bank tanlashda erkinlik berishga majbur bo‘ladi.
Shuningdek, 2026-yil iyuniga qadar Markaziy bankning to‘lov infratuzilmasiga ommaviy (paketli) to‘lovlar funksiyasi joriy etiladi. Bu funksiya maosh, soliq, kompensatsiya va boshqa yo‘nalishlardagi ko‘p sonli to‘lovlarni tezkor va xavfsiz tarzda amalga oshirishni ta’minlaydi.
Ayni paytda ko‘plab kompaniyalar xodimlardan aynan o‘zlari tanlagan bankdan karta ochishni talab qiladi. Bunday holat fuqarolarni tanlovdan mahrum qilib, bozorda noinsof raqobatni keltirib chiqarayotgani tan olingan.
Yangi choralar orqali raqobat oshishi, xizmatlar sifati yaxshilanishi va banklar mijoz uchun haqiqiy kurash olib borishi kutilmoqda. Mutasaddilar bu o‘zgarishlar milliy to‘lov infratuzilmasini yanada ochiq, shaffof va innovatsion qilishini ta’kidlamoqda.





