add

O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 6,1 mln so‘mni tashkil etdi

25.10.2025 | 17:556652

2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida o‘rtacha ish haqi 19,2 foizga oshgan. Eng yuqori maosh Toshkent shahrida, eng pasti esa Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan.

O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 6,1 mln so‘mni tashkil etdi

O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida mamlakat bo‘yicha o‘rtacha nominal ish haqi 6 million 166,9 ming so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,2 foizga ko‘pdir.

Hududlar kesimida eng yuqori ish haqi Toshkent shahrida qayd etilgan — 10,3 million so‘m. Navoiy viloyati 7,6 million so‘m bilan ikkinchi o‘rinni egallagan, undan keyin 5,8 million so‘m bilan Toshkent viloyati o‘rin olgan. Eng past ish haqi esa Qashqadaryo viloyatida — 4,27 million so‘m atrofida bo‘ldi.

11

Sohalar bo‘yicha tahlil shuni ko‘rsatadiki, san’at, ko‘ngilochar va dam olish xizmatlari yo‘nalishida ish haqi 22,8 foizga o‘sib, 5,1 million so‘mga yetdi. Axborot va aloqa sohasidagi ish haqi 16,6 foizga oshib, o‘rtacha 14,98 million so‘mni tashkil etdi. Bank va sug‘urta sohalari eng yuqori maoshli bo‘lib qolmoqda — o‘rtacha 16,82 million so‘m.

12

Tashish va saqlash sohalarida ish haqi 9,38 million so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, sanoat sohasida o‘rtacha maosh 7,3 million so‘mga yetdi. Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohalarida eng past ish haqi kuzatildi — 3,76 million so‘m, o‘sish sur’ati esa 14,6 foizni tashkil etdi.

Axborot va aloqa tarmoqlarida dasturlash, maslahat berish va yordamchi xizmatlarda ishlovchi mutaxassislar 19,99 million so‘mgacha oylik maosh olmoqda. Moliya va sug‘urta yo‘nalishida esa ayrim tashkilotlarda ish haqi 20,97 million so‘mga yetgan. Ta’lim sohasida eng yuqori maosh oliy ta’lim tizimida — 9,51 million so‘m, maktabgacha ta’lim muassasalarida esa bu ko‘rsatkich 2,77 million so‘mni tashkil etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

undefined | Vaqt.uz