
O‘zbekistonda pensiya yoshi oshirilishi rejalashtirilmoqda
10.09.2025 | 14:306564
Loyihaga ko‘ra erkaklar uchun yosh chegarasi 60 yoshdan 63 yoshgacha, ayollar uchun esa 55 yoshdan 58 yoshgacha oshirilishi nazarda tutilgan.

Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi ijroiya direktori Murodbek Otajonov ma’lum qildi. Pensiya yoshi bosqichma-bosqich ko‘tarilishi mumkin: har yili olti oydan qo‘shib boriladi.
Biroq Otajonov ehtimoliy yengilroq variant — har olti oyga emas uch oyga ko‘tarish rejasini ham aytib o‘tdi. Bu holda pensiya yoshi har to‘rt yilda to‘liq bir yilga oshirilib, islohot 12 yilga cho‘ziladi.
Rasmiyga ko‘ra, O‘zbekistonda pensiya yoshi 32 yildan beri o‘zgartirilmagan. Jahonda esa ko‘pchilik davlatlarda pensiyaga chiqish yoshi 65 yoshdan yuqori. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75 yoshga yetgan. Bundan 20 yil oldin pensionerlar pensiyadan keyin 8–9 yil yashagan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich erkaklarda 12,5 yilga, ayollarda 20 yilgacha oshgan.
Pensiya jamg‘armasi yangilangan islohot konsepsiyasini aholi bilan muhokama qilish uchun maxsus onlayn platformani ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bir oy davomida jamoatchilik takliflari yig‘ilib, keyingi muhokamalardan so‘ng loyiha jurnalistlar va blogerlar ishtirokida rasman taqdim etiladi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi ham O‘zbekistonga pensiya tizimini yangilash bo‘yicha tavsiyalar bergan. Jumladan, minimal pensiya yoshini oshirish va to‘lovlarni inflyatsiya darajasiga ko‘ra indeksatsiya qilish zarurligi qayd etilgan. Vazirlar Mahkamasi 2024 yilda maxsus ishchi guruh tuzib, konsepsiyani Prezidentga taqdim etish vazifasini yuklatgan edi.
Shu bilan birga, hozircha hech qanday yakuniy qaror qabul qilinmagan. Pensiya jamg‘armasi ta’kidlaganidek, barcha takliflar aholi turmush darajasi va iqtisodiy oqibatlardan kelib chiqib o‘rganiladi.





