add

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot ulushi 29 foizgacha pasaytiriladi

Bugun 21:181652 Daqiqa

Prezident rahbarligida Milliy statistika qo‘mitasi hisoboti ko‘rib chiqilib, YAIM hisob-kitoblari, yashirin iqtisodiyot va raqamli texnologiyalar bo‘yicha yangi vazifalar belgilab berildi.

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot ulushi 29 foizgacha pasaytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni Milliy statistika qo‘mitasi hisoboti bilan tanishar ekan, sohada amalga oshirilgan ishlar va yaqin istiqboldagi ustuvor vazifalarni muhokama qildi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Joriy yilda qabul qilingan farmon asosida Prezident huzuridagi Statistika agentligi Milliy statistika qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etilgani hamda statistika samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi yo‘nalishlar belgilab berilgani ma’lum qilindi. Yig‘ilishda idoralararo ma’lumot almashinuvining kengayishi, 60 ta integratsiya joriy etilgani va hisobot yuklanmasi 27 foizga qisqargani qayd etildi.

Elektr energiyasi va gaz iste’moli, qishloq xo‘jaligi maydonlari va hosil haqidagi ma’lumotlar avtomatlashtirilgan holda qabul qilinishi statistikaning aniqligini oshirgani ta’kidlandi. Yalpi ichki mahsulotning nominal hajmini hisoblashni takomillashtirish natijasida qo‘shimcha 81 trln so‘mlik qiymat inobatga olingan va YAIM 2024 yil yakuni bo‘yicha 115 mlrd dollardan 121,4 mlrd dollargacha ko‘tarilgani ma’lum qilindi.

Yashirin iqtisodiyot ulushi 2017 yildagi 50 foizdan 2024 yilda 35 foizga tushgani ta’kidlandi. Yana 79 trln so‘mlik kuzatilmayotgan iqtisodiy faollikni qamrab olish orqali bu ko‘rsatkichni 29 foizga tushirish imkoni mavjudligi bildirildi.

Prezident global bozorda elektron savdo hajmining jadal o‘sishi va mamlakatda bu soha yillik 9–11 foiz sur’atda kengayishi kutilmoqda, axborot texnologiyalari, masofaviy xizmatlar va frilans rivoji statistika tizimi oldida yangi vazifalar qo‘yayotganini ta’kidladi.

Iste’mol narxlari indeksini shakllantirishda qo‘lda ma’lumot yig‘ish amaliyotidan voz kechib, sun’iy intellekt va AKTga bosqichma-bosqich o‘tish zarurligi aytildi. Milliy statistikani xalqaro standartlarga mos tizimga aylantirish masalalari ham ko‘rib chiqilib, «Deloitte» tomonidan ishlab chiqilgan 23 tashabbus va 70 loyihani amalga oshirish ahamiyati qayd etildi. Jahon banki bilan hamkorlikda 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya tayyorlanmoqda.

Kelgusi yil yanvar oyida boshlanadigan aholi ro‘yxatga olish ishlariga tayyorgarlik ham muhokama qilindi. Hozirgacha 9008 ta mahalla bo‘yicha rejalar tasdiqlangan, 60 mingdan ortiq «mahalla yettiligi» va mas’ul xodimlar uchun o‘quv kurslari o‘tkazilgani ma’lum qilindi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyot ulushi 29 foizgacha pasaytiriladi | Vaqt.uz