
O‘zbekistonda yerlarning 96 foizi elektron xaritaga tushirildi
03.09.2025 | 17:3045382
O‘zbekistonda so‘nggi uch yil ichida yer maydonlarining 96 foizi dronlar orqali elektron xaritaga kiritildi.

Respublika aerogeodeziya markazi ma’lumot berishicha, kadastr sohasida topografik tasvirga olish uchun maxsus samolyot va aerofotokameralar xarid qilingan, shuningdek, 112 ta dron bilan ta’minlangan. Ularning yordamida katta hajmda aerofotosuratlar olinib, elektron baza shakllantirilgan.
Tekshiruvlar natijasida zaxiradagi 1,2 mln gektar qishloq xo‘jaligi yerlaridan 425 ming gektari 675 ming aholi va fermer xo‘jaliklariga ajratilgan. Xususan, Xorazm viloyatida hisobotlarda ko‘rsatilgan 608,1 ming gektar yer amalda 618,4 ming gektar ekani aniqlangan.
Shu kabi o‘rganishlar boshqa viloyatlarda ham o‘tkazilmoqda. Qoraqalpog‘iston, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida jami 542 ming gektardan ortiq yer maydonlarini qayta tasniflash bo‘yicha takliflar Hukumat komissiyasiga taqdim etilgan.
Yangilangan elektron ma’lumotlar yer resurslaridan samarali foydalanish, ularni hisobga olish va boshqarishda asosiy manba sifatida qo‘llanmoqda. Bu jarayon yer maydonlarining chegaralarini aniq belgilash va ulardagi o‘zgarishlarni muntazam kuzatish imkonini bermoqda.





