
O‘zbekistonda yetti oyda 48 mingga yaqin kichik biznes ochilgan
19.08.2025 | 16:4525402
2025 yil yanvar–iyul oylarida qariyb 48 ming kichik tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilgan. Ularning uchdan biri savdo sohasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yetti oy ichida respublika bo‘ylab 47 796 ta kichik tadbirkorlik sub’ekti (fermer va dehqon xo‘jaliklarisiz) tashkil etilgan. Ularning eng katta qismi savdo sohasida qayd etilgan bo‘lib, umumiy soni 17 587 tani tashkil qildi.
Shuningdek, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi sohasida 6 183 ta, sanoat sohasida esa 6 189 ta tadbirkorlik sub’ekti ro‘yxatdan o‘tgan. Bu ko‘rsatkichlar mazkur sohalarda ishbilarmonlik faolligi o‘sib borayotganidan dalolat bermoqda.
Yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida 4 234 ta, qurilish sohasida esa 2 680 ta kichik tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilgan. Bu sohalarda aholi ehtiyojlariga mos ravishda xizmatlar ulushi kengayib borayotgani ko‘rinib turibdi.
Shu bilan birga, axborot va aloqa sohasida 1 763 ta, tashish va saqlash sohasida 1 512 ta, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasida esa 989 ta sub’ekt faoliyat boshlagan. Qolgan 6 659 ta sub’ekt boshqa turli sohalarda qayd etilgan.





