add

O‘zbekistondagi o‘limlarning 70 foizdan ortig‘ida ekologiyaning hissasi bor

Bugun 19:391282

Qoraqalpog‘istonda besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda jismoniy rivojlanish kechikishi ko‘proq uchramoqda.

O‘zbekistondagi o‘limlarning 70 foizdan ortig‘ida ekologiyaning hissasi bor

Bu haqda BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) tomonidan e’lon qilingan “Uzbekistan — National State of the Environment Report 2023” hisobotida ma’lum qilindi.

O‘zbekiston statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, saraton, yurak-qon tomir kasalliklari, qon va qon hosil qiluvchi organlar kasalliklari mamlakatdagi o‘limlarning 70 foizdan ortig‘iga sabab bo‘lgan. Ya’ni, deyarli har uch kishidan ikki nafari ayni shu kasallikar tufayli vafot etgan.

O‘zbekistonliklarning yuqorida sanalgan to‘rt kasallik tufayli 70 yoshga yetmasdan oldin vafot etish ehtimoli 26,9 foizni tashkil etadi. Erkaklar bu xavfga ko‘proq duch keladi (32,9 foiz), ayollarda esa 21,4 foiz. Qizig‘i bunday kasalliklar genetik xususiyat, atrof-muhit va turmush tarzi kombinatsiyasi oqibatida paydo bo‘ladi. Ko‘pchilik hududlarda eng keng tarqalgan kasalliklar nafas yo‘llari kasalliklari hisoblanadi, ayniqsa Qoraqalpog‘istonda qon va qon hosil qiluvchi organlar kasalliklari ko‘proq uchraydi.

Havo sifati

O‘zbekistonning yirik shaharlari (Toshkent, Olmaliq, Chirchiq, Farg‘ona, Navoiy, Angren)da o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, havoning ifloslanishi yurak-qon tomir, nafas yo‘llari va saraton kasalliklarini kuchaytiradi. Nafas yo‘llari kasalliklari aholining tibbiy muassasalarga murojaat qilishlarining 20 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi.

Havo sifati ayniqsa bolalarga qattiq ta’sir qiladi: astmaga chalingan bolalarda NO₂ gaziga uzoq muddat duch kelish bronxit alomatlarini kuchaytiradi. Shuningdek, isitish mavsumida ichki xonadondagi karbon monoksid (CO) darajasi gigiyenik standartdan oshishi kuzatiladi. Qoraqalpog‘istonda besh yoshgacha bo‘lgan bolalarda jismoniy rivojlanish kechikishi ko‘proq uchramoqda, maktab yoshidagi bolalarda esa o‘pka sig‘imi va mushak kuchi pasaygan.

Suv sifati

Xavfli infeksiyalar so‘nggi yillarda qayd etilmagan bo‘lsa-da, xavfsiz ichimlik suvi muhim ahamiyatga ega. 2021 yilda O‘zbekiston aholisi taxminan 70 foiz markazlashgan suv tarmoqlari bilan qamrab olingan, ammo qishloq hududlarda bu ko‘rsatkich past (Qoraqalpog‘iston 52 foiz, Buxoro 53 foiz va boshqalar). Taxminan 30 foiz aholisi alternativ manbalardan foydalanadi.

Ko‘p joylarda suvning soatlik ta’minoti mikrobiologik sifatiga ta’sir qiladi. Eskirgan va yangilanmagan tarmoqlar suvning ifloslanishiga va yo‘qotilishiga olib keladi. Ichimlik suvining yuqori mineralligi yurak-qon tomir, qon, jigar va siydik yo‘llari kasalliklari hamda saraton xavfini oshiradi. Eng yuqori minerallik Buxoro, Xorazm, Farg‘ona, Toshkent, Sirdaryo, Navoiy va Qoraqalpog‘iston ayrim hududlarida kuzatiladi. Fluor yetishmasligi esa butun mamlakat bo‘yicha mavjud. Yoz oylarida, suv miqdori kamaygan paytlarda, markazlashgan suv manbalarida mineral tuzlar konsentratsiyasi oshadi, ayniqsa Amudaryo past oqimi va ayrim viloyatlarda.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistondagi o‘limlarning 70 foizdan ortig‘ida ekologiyaning hissasi bor | Vaqt.uz