Kompaniya nomi yozilgan peshlavhalar reklama deb hisoblanmaydi
Prezident ma’qullagan taklifga ko‘ra, korxona nomi va faoliyat turini bildiruvchi axborot belgilari reklama sifatida baholanmaydi, ular uchun maxsus pasport talabi ham bekor qilinishi rejalashtirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishbilarmonlik muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Unda tadbirkorlar faoliyatida ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirish asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida ko‘rsatildi.
Muhokamalar davomida peshlavhalar va brend belgilarini joylashtirish, savdo hamda umumiy ovqatlanish obyektlari uchun ma’muriy talablar, mehnat munosabatlari, naqd pulsiz to‘lovlar, soliq imtiyozlari kabi masalalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, moliyaviy jarimalar va tashqi iqtisodiy faoliyatdagi ortiqcha hujjatbozlik ham tanqid ostiga olindi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, ayrim hollarda korxona nomi yoki savdo belgisi tushirilgan peshlavhalar ham reklama sifatida baholanib, ular uchun alohida ruxsatnoma va to‘lov talab qilingan. Bu esa tadbirkorlar uchun qo‘shimcha xarajat va vaqt yo‘qotishiga olib kelayotgani qayd etildi.
Yangi taklifga ko‘ra, korxona nomi va faoliyat turini bildiruvchi axborot belgilarini reklama sifatida baholamaslik va ular uchun maxsus pasport talabini bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu esa savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarining ko‘rinishini yaxshilab, mijozlar oqimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.
Shuningdek, reklama va boshqa axborot belgilarini joylashtirish bo‘yicha dizayn talablarini bosqichma-bosqich joriy etish, yuridik shaxslar transport vositalarida o‘z brendini joylashtirish tartibini soddalashtirish tashabbusi ilgari surildi.
Prezident mazkur takliflarni ma’qullab, tadbirkorlikdagi ortiqcha to‘siqlarni kamaytirish, nazorat va tartibga solish mexanizmlarini soddalashtirish, shuningdek, raqamlashtirishni biznes uchun qo‘shimcha yuk emas, balki qulaylik yaratadigan vositaga aylantirish zarurligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq VAQT.UZ tashqi reklamalarning ogohlantirishsiz buzib tashlanayotgani ortidan tadbirkorlar yangi reklama usullarini izlay boshlagani haqida xabar qilgan edi.
Keyinchalik Toshkent shahar hokimligi vitrina va ekranlar orqali reklama ham qonun doirasida cheklanishini ma’lum qilgan.





