
O‘zbekistondan Qozog‘istonga pul o‘tkazmalari 25 foizga oshdi
02.06.2025 | 08:1521862
2025 yil aprel oyida O‘zbekistondan Qozog‘istonga xalqaro to‘lov tizimlari orqali amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari hajmi 2 mlrd tangani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan oyga nisbatan sezilarli o‘sish qayd etganini ko‘rsatadi.

Qozog‘iston Respublikasi Milliy banki ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil aprel oyida O‘zbekistondan Qozog‘istonga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 2 mlrd tangani (taqriban 4,35 mln dollar) tashkil qildi. Bu mart oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 25 foizga yuqori.
O‘tgan oydagi o‘sish natijasida O‘zbekiston Qozog‘istonga transchegaraviy pul o‘tkazmalari amalga oshiruvchi yetakchi davlatlar qatoriga kirdi. Mutasaddilar bu holatni mehnat migratsiyasi, savdo aloqalari va iqtisodiy munosabatlar kuchayib borayotgani bilan izohlashmoqda.
Joriy yil aprel oyi mobaynida Qozog‘iston xalqaro to‘lov tizimlari orqali jami 55 300 ta pul o‘tkazmasi qabul qilgan. Ular orqali yuborilgan mablag‘lar umumiy qiymati 19,3 mlrd tangani (taqriban 42 million dollar) tashkil etgan.
Qozog‘istonning pul o‘tkazmalari to‘g‘risidagi rasmiy statistikasiga ko‘ra, ushbu mablag‘larning katta qismi O‘zbekiston, Rossiya va Qirg‘izistondan kelgan. Bu esa mintaqa davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy integratsiyaning kengayib borayotganini ko‘rsatadi.





