add

O‘zbekistondan yuborilgan 3,5 tonna pista Qirg‘izistonga kiritilmadi

14.08.2025 | 17:4515903

Qirg‘iziston chegarada fitosanitariya talablariga javob bermagan 3,5 tonna pistani O‘zbekistonga qaytardi.

O‘zbekistondan yuborilgan 3,5 tonna pista Qirg‘izistonga kiritilmadi

11 avgust kuni Qirg‘iziston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi kimyolashtirish, o‘simliklarni himoya qilish va karantin departamenti «Do‘stlik» nazorat-o‘tkazish punktda tekshiruv o‘tkazdi. Tekshiruvda O‘zbekistondan kiritilayotgan pistalarda majburiy markirovka yo‘qligi aniqlandi. Shu sababli umumiy og‘irligi 3,5 tonna bo‘lgan yuk ortga qaytarildi.

«Har kuni O‘zbekiston fuqarolari olib o‘tayotgan qo‘l yuklari o‘simliklar karantini qonunchiligi talablariga javob bermaydigan o‘rtacha 5–6 holat qayd etiladi. 2025 yil iyul–avgust oylarida bunday 60 holat ro‘yxatga olingan va ularning barchasi bo‘yicha tegishli dalolatnomalar tuzilgan» — deyiladi xabarda.

Mutaxassislar bu kabi qonunbuzarliklar karantindagi zararkunandalar va o‘simlik kasalliklarining tarqalishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi. Shu bois mahsulot ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi tadbirkorlardan fitosanitariya talablariga qat’iy rioya qilish so‘raldi.

Departamentning qayd etishicha, eksport yuklarida markirovkaning mavjud bo‘lishi karantin nazoratidagi asosiy talablardan biri hisoblanadi. Ushbu qoida tovar manbasini, sifati va xavfsizligini aniqlashda muhim ahamiyatga ega.

Qirg‘iziston hukumati o‘simliklar karantini sohasida nazoratni kuchaytirar ekan, talablarni buzgan hollarda tovarlar chegaradan o‘tkazilmasligi va javobgarlik choralari qo‘llanishi mumkinligini eslatmoqda.

Teglar

Mavzuga oid