Logo

O‘zbekistonliklarning daromadlari bo‘yicha kutilmalari yaxshilanmoqda — Markaziy bank

Kecha 10:012 daqiqa

Markaziy bank so‘roviga ko‘ra, aholining 68 foizi kelgusi davrda daromadlari oshishini kutmoqda. Daromadlari kamayishini kutuvchilar ulushi esa 7 foizgacha tushgan.

O‘zbekistonliklarning daromadlari bo‘yicha kutilmalari yaxshilanmoqda — Markaziy bank © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

2026 yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining daromadlari bo‘yicha kutilmalari ijobiyligicha saqlanib qoldi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan iste’mol kayfiyati indeksi natijalarida ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, daromadlar subindeksi 72,8 bandni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan chorakka nisbatan 0,3 bandga, 2025 yilning shu davriga nisbatan esa 1,5 bandga oshgan.

Markaziy bank ushbu o‘sishni aholi real daromadlarining barqaror ko‘payishi hamda mehnat migrantlari tomonidan yuborilayotgan pul o‘tkazmalari hajmining ortishi bilan izohlagan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 68 foizi kelgusida daromadlari oshishini kutmoqda. Taqqoslash uchun, 2025 yilning to‘rtinchi choragida bu ko‘rsatkich 67 foizni tashkil etgan edi.

Respondentlarning 25 foizi daromadlari hozirgi darajada saqlanib qolishini bildirgan. Daromadlari qisqarishini kutuvchilar ulushi esa 7 foizga tushgan bo‘lib, bu so‘nggi yillardagi eng past ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Daromadlar o‘sishi bo‘yicha eng yuqori optimizm oyiga 20 mln so‘mdan ortiq mablag‘ topuvchi aholi qatlamida kuzatilgan. Ushbu guruh vakillarining 77 foizi kelgusida daromadlari yanada ortishini kutmoqda. O‘tgan chorakda bu ko‘rsatkich 72 foizni tashkil etgan edi.

0

Shu bilan birga, oyiga 3–5 mln so‘m va 7–10 mln so‘m daromadga ega respondentlar asosan moliyaviy ahvoli o‘zgarmasligini taxmin qilgan. Daromadlar kamayishi ehtimoli haqidagi kutilmalar esa 10–15 mln so‘m daromad oluvchilar orasida biroz yuqoriroq bo‘lgan.

So‘rov ishtirokchilarining 66 foizi asosiy daromad manbai sifatida rasmiy ish haqini ko‘rsatgan. Qolganlar orasida tomorqa xo‘jaligi, tadbirkorlik, savdo, kunlik ish haqi, ko‘chmas mulk ijarasi va xorijdan keladigan pul o‘tkazmalari hisobiga yashovchilar ham bor.

00

Iqtisodiyot tarmoqlari kesimida maishiy xizmatlar, kafe va restoranlar, qishloq xo‘jaligi, turizm hamda ishlab chiqarish sohalarida daromadlar o‘sishiga bo‘lgan ishonch kuchaygan. Mutaxassislar buni xizmatlar bozorida talabning yuqoriligi, turizm faolligining ortishi va iqtisodiy o‘sish sur’atlari bilan bog‘lamoqda.

Bank-moliya, axborot texnologiyalari, ommaviy axborot vositalari va tibbiyot sohalarida esa daromadlar o‘sishi bo‘yicha kutilmalar barqaror darajada saqlanib qolgan.

Teglar

Mavzuga oid