add

O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlari Indoneziya aviakompaniyalariga ochildi

06.08.2025 | 12:307673

O‘zbekiston va Indoneziya aviahokimiyatlari yangi kelishuv imzolab, parvozlar soni va yo‘nalishlaridagi cheklovlarni bekor qildi.

O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlari Indoneziya aviakompaniyalariga ochildi
O‘zbekiston va Indoneziya avitsiya hokimiyatlari Jakarta shahridagi muzokaralar yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida havo qatnovlarini kengaytirish va erkinlashtirish bo‘yicha yangi kelishuv imzoladi. Unga ko‘ra, endilikda Indoneziya aviakompaniyalari O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlariga to‘siqsiz parvoz qilish huquqiga ega bo‘ladi. Kelishuvga muvofiq, ikki davlat o‘rtasidagi ilgarigi havo qatnovi to‘g‘risidagi bitimdagi aviakompaniyalar soniga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilindi. Shuningdek, har bir davlat aviakompaniyalari uchun haftalik parvozlar soni 3 tadan 28 tagacha oshirildi. Uning yarmi yo‘lovchi, qolgan qismi esa yuk tashish yo‘nalishlariga ajratiladi. O‘zbekiston tomonidan belgilangan aviakompaniyalar Jakartadan tashqari Indoneziyaning eng yirik turizm va sanoat markazlari — Denpasar, Surabaya, Medan, Yogyakarta, Majalegnka, Banda Ache, Tanjung Pandang, Lombok hamda qo‘shimcha yana ikki shaharga parvoz qilishi mumkin bo‘ladi. Indoneziya aviakompaniyalari esa O‘zbekistondagi istalgan xalqaro aeroportlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yangi kelishuv, shuningdek, Code Share asosida Denpasar yo‘nalishidagi parvozlarning yarmini hamkorlikda amalga oshirishni ko‘zda tutadi. Yuk tashish reyslari uchun har ikki davlat aviakompaniyalariga uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi havo erkinliklari beriladi. Transport vazirligi ta’kidlashicha, kelishuv Ziyorat turizmini rivojlantirish, “Umra plyus” dasturini amalga oshirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish va ikki mamlakat o‘rtasida turistlar hamda yuk tashish hajmini sezilarli oshirishga xizmat qiladi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlari Indoneziya aviakompaniyalariga ochildi | Vaqt.uz