
O‘zbekistonning joriy operatsiyalar saldosi 8 yillik past ko‘rsatkichga tushdi
06.07.2025 | 09:3030753
O‘zbekistonda 2025 yilning birinchi choragida joriy operatsiyalar hisobi manfiy saldosi so‘nggi 8 yil ichidagi eng past darajaga tushdi. Bunda savdo balansidagi o‘zgarishlar va xalqaro pul o‘tkazmalari muhim rol o‘ynagan.
2025 yilning birinchi choragida O‘zbekistonning joriy operatsiyalar hisobi 160,7 mln dollar manfiy saldo bilan shakllandi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davrida qayd etilgan 2,1 mlrd dollarlik manfiy saldoga nisbatan keskin pasayishdir.
Bu natija 2017 yil birinchi chorakdan buyon qayd etilgan eng past daraja bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilning shu davrida manfiy saldo 226 million dollarni tashkil qilgan edi.
Joriy holat, asosan, savdo balansining yaxshilanishi hisobiga vujudga keldi. Xususan, savdo balansining manfiy saldosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34 foizga qisqarib, 2,6 mlrd dollar bo‘lgan. Bunga asosiy sabab – eksport hajmining jadal o‘sishi va import hajmining barqaror qolganidir.
Ayniqsa, oltin eksporti ko‘rsatkichlarining o‘sishi jami eksport hajmini 22 foizga oshirdi. Natijada eksport qariyb 8 mlrd dollarga yetgan. Shu bilan birga, jami import hajmi 10,5 mlrd dollar atrofida saqlanib qolgan.
Bundan tashqari, 2025 yilning birinchi choragida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalar hajmi o‘sgan. Bu holat birlamchi va ikkilamchi daromadlar balansida ijobiy saldo shakllanishiga sabab bo‘ldi. Mazkur daromadlar mos ravishda 148,9 mln dollar va 2,2 mlrd dollarni tashkil qilgan.





