
O‘zbekistonning «maxfiy buyrug‘i» Qozog‘iston sementi importini to‘xtatdimi?
16.10.2025 | 09:4048544
Qozog‘iston sement ishlab chiqaruvchilari O‘zbekiston hukumatining go‘yo «maxfiy buyrug‘i» ortidan eksport keskin to‘xtaganini da’vo qilmoqda. Ularga ko‘ra, hujjat sement narxini sun’iy oshirish va bozorni mahalliy ishlab chiqaruvchilar foydasiga cheklashga qaratilgan.

Qozog‘iston sement va beton ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi («QazCem») rahbari Yerbol Aqinboyev Forbes Kazakhstan nashriga bergan intervyusida ta’kidlashicha, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi joriy yil iyul oyida maxfiy hujjat qabul qilgani haqida ma’lumotlar bor. Unga ko‘ra, hujjat Qozog‘istondan kelayotgan sementning har tonnasi uchun kamida 300 dollarlik deklaratsiya talab qiladi.
Aqinboyevning so‘zlariga ko‘ra, bu holat ortidan Qozog‘iston sementini O‘zbekistonga yetkazib berish amaliyoti deyarli to‘xtagan.
«Biz sementni bor-yo‘g‘i 30 dollardan yetkazib beramiz. Ammo yangi talabga ko‘ra, 300 dollardan kam bo‘lmagan narx bilan deklaratsiya qilish shart qilinayotgani eksportni kamaytirdi», — dedi u.
Aqinboyevning ta’kidlashicha, natijada 2025 yil avgust oyida O‘zbekistonga Qozog‘iston sementi importi so‘nggi yetti yilda ilk bor nol darajaga tushgan. «Bu narxda hech kim sement sotib olmaydi. Agar O‘zbekiston shunday siyosatni olib borayotgan bo‘lsa, Qozog‘iston ham javob choralari ko‘rishga haqli», — deya qo‘shimcha qildi QazCem rahbari.
Aqinboyevga ko‘ra, mazkur buyruq rasman e’lon qilinmagan, ammo u O‘zbekiston chegarasidagi bir bojxona xodimi ko‘rsatgan suratga tayanmoqda. Shuningdek, u bu masala hozirda Qozog‘istonning tegishli idoralari bilan muhokama etilayotganini ma’lum qildi.
QazCem fikricha, O‘zbekiston sement bozorida ichki ishlab chiqarish so‘nggi yillarda keskin o‘sgani bois hukumat mahalliy korxonalarni himoya qilish maqsadida turli ma’muriy choralarni joriy qilmoqda. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi sement savdosida yangi ziddiyatlarni keltirib chiqarishi mumkin.





