add

«O‘zbekneftegaz» qurilish xarajatlarini 20 foizga qisqartirmoqchi

Bugun 15:151212 daqiqa

«O‘zbekneftegaz» AJ ma’lum qilishicha ayrim qurilish ishlari hali ham 2005 yilda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda.

«O‘zbekneftegaz» qurilish xarajatlarini 20 foizga qisqartirmoqchi

O‘zbekneftegaz 2026 yilda qurilish ishlari qiymatini kamida 20 foizga qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu qaror mustaqil ekspertlar ishtirokida o‘tkazilgan keng qamrovli tahlil natijalari asosida qabul qilindi.

Tahlil jarayonida geologik-qidiruv, geofizika, quduq burg‘ulash hamda qurilish yo‘nalishlaridagi xarajatlar o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, ayrim qurilish ishlari hali ham 2005 yilda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida amalga oshirilmoqda. Ushbu me’yorlar hozirgi bozor kon’yunkturasi va amaldagi talablarga javob bermay, qurilish tannarxining sun’iy oshishiga olib kelgan.

Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, amalda qo‘llanilayotgan loyihalarni joriy bozor narxlari asosida qayta hisoblash natijasida ular o‘rtacha 14 foizga qimmatga tushayotgani aniqlangan. Shu munosabat bilan kompaniya rahbariyati eski normalarni zudlik bilan qayta ko‘rib chiqish va sohaviy standartlarni ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.

Marketing tahlili doirasida geofizika ishlari bo‘yicha 3–4 ta yetakchi kompaniya takliflari solishtirildi. Natijada ushbu yo‘nalishdagi umumiy xarajatlarni 15 foizga qisqartirish, ya’ni 33 mlrd so‘mdan 28 mlrd so‘mga tushirish imkoniyati mavjudligi aniqlandi. Quduq burg‘ulash ishlarida esa moddiy-texnika resurslari va mexanizmlar hisobiga 15 foizgacha tejamkorlikka erishish mumkin.

450 kvadrat kilometr maydonni qamrab olgan Kogon tumanida 3D geofizika usulini qo‘llash orqali sahro ishlari hajmini 20 foizgacha qisqartirish mumkinligi ham qayd etildi.

«O‘zbekneftgaz» rahbari kelgusida barcha yangi loyihalar faqat iqtisodiy asoslangan holda amalga oshirilishi, pudratchilar ochiq tenderlar orqali tanlanishi hamda qabul qilinadigan barcha qarorlar jamoatchilik uchun e’lon qilib borilishini ta’kidladi.

Teglar