
PayPal, Apple Pay va Google Pay O‘zbekistonda rasman ishga tushishi kutilmoqda
Senat PayPal, Apple Pay va Google Pay xizmatlarini yoqish uchun «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarni ma’qulladi.

O‘zbekistonda Apple Pay, Google Pay va PayPal kabi xalqaro to‘lov tizimlari yaqin kelajakda rasman ishga tushishi mumkin. Bunga ularning mamlakat bozoriga kirishini cheklab kelgan «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritilayotgani asos bo‘lmoqda.
Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar
Amaldagi qonunga muvofiq, shaxsga doir ma’lumotlar faqat O‘zbekiston hududida saqlanishi shart edi. Bu talab xalqaro to‘lov tizimlari uchun qator texnik va huquqiy qiyinchiliklar tug‘dirib, ularning mamlakat bozoriga kirishini cheklab kelgan. Ayniqsa, ma’lumotlarni global serverlarda qayta ishlaydigan kompaniyalar uchun bu me’yor hal qiluvchi to‘siq hisoblanardi.
Qonunga kiritilayotgan o‘zgarishlar ushbu muammoni bartaraf etishga qaratilgan. Yangilangan normalarga ko‘ra, shaxsiy ma’lumotlarning barcha turlari emas, balki faqat ayrim toifalari O‘zbekiston hududida saqlanishi shart bo‘ladi. Bular qatoriga biometrik, genetik hamda telekommunikatsiya xizmatlariga oid ma’lumotlar kiritilmoqda.
20-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisda Qonunchilik palatasi «Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunga kiritiladigan tuzatishlarni qabul qildi. 5-fevral kuni esa Senat tomonidan tasdiqlandi. Senatorlar ushbu hujjat elektron tijoratni rivojlantirish, internet platformalaridan foydalanishni yengillashtirish va fuqarolar uchun to‘lov xizmatlarini yanada qulay qilishini ta’kidlamoqda.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda hukumat tizimlaridan kamida 15 million O‘zbekiston fuqarosining shaxsiy ma’lumotlari o‘g‘irlangani va «Dark Web»ga joylashtirilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sizdirilgan bazada fuqarolarning shaxsini tasdiqlovchi ma’lumotlar va boshqa shaxsiy axborotlar bo‘lishi mumkin.





