Poytaxtda park va yashil hududlarning sotuvi ommalashmoqda: «Navro‘z» bog‘i ham sotuvga chiqarildi
Auksiondagi summaning o‘zi hududning qanchalik qimmat ekanini ko‘rsatadi. Oddiy hisobda, bir gektar uchun o‘rtacha 206 mlrd so‘mdan ortiq boshlang‘ich narx kelib chiqadi. Obyektlardagi binolar, ularning holati, infratuzilma, yerdan foydalanish huquqi va boshqa shartlar yakuniy qiymatga ta’sir qilishi mumkin. Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi nima deyapti?
© Ijtimoiy tarmoqlarToshkent markazida markazida joylashgan «Navro‘z» madaniyat va istirohat bog‘iga tegishli ikki ko‘chmas mulk obyekti yer maydoni bilan birga elektron savdoga chiqarildi. Ularning umumiy boshlang‘ich narxi qariyb 660 milliard so‘m.


Har ikkalasi Yashnobod tumanining Matonat mahallasi Sharof Rashidov ko‘chasida joylashgan. Savdoga qo‘yilgan birinchi lot qariyb 2 gektar maydonda joylashgan noturar obyektdan iborat bo‘lib, uning boshlang‘ich narxi 436 mlrd 339 mln 315 ming so‘m etib belgilangan. U yerda binolar va inshootlarning egallagan umumiy maydoni 38 kvadrat metr.

Ikkinchi lotning maydoni 1,2 gektarga yaqin, boshlang‘ich bahosi esa 223 mlrd 890 mln 795 ming so‘m. Bu obyektdagi binolar va inshootlarning egallagan umumiy maydoni 38 kvadrat metr.

Sotilayotgan joylarning auksiondagi birinchi qadam bahosi boshlang‘ich narxning 1 foiziga teng.
Bu raqamlarning o‘zi hududning qanchalik qimmat ekanini ko‘rsatadi. Oddiy hisobda, bir gektar uchun o‘rtacha 206 milliard so‘mdan ortiq boshlang‘ich narx kelib chiqadi. Obyektlardagi binolar, ularning holati, infratuzilma, yerdan foydalanish huquqi va boshqa shartlar yakuniy qiymatga ta’sir qilishi mumkin.
Aytish lozimki, «Navro‘z» bog‘i oddiy noturar hudud sifatida paydo bo‘lmagan. Bog‘ni barpo etish loyihasi 2017-yilda davlat darajasida tasdiqlangan. O‘sha qarorda uni tashkil etish uchun «Navro‘z bog‘i» MCHJ tuzilishi, loyihani moliyalashtirishda «O‘zbekiston temir yo‘llari» va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ishtirok etishi belgilangan. Hatto bog‘ ishga tushirilganidan keyin ushbu kompaniyadagi ulushlarni boshqa investorlarga bozor qiymatida sotish imkoniyati ham nazarda tutilgan.
2026-yil 28-avgustda qabul qilingan PF-177-son farmon bilan davlat aktivlarini ommaviy savdolarga chiqarish bo‘yicha yangi dastur tasdiqlangan. Prezidentning «Madaniyat va san’at sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-150-sonli qarorda madaniyat obyektlari bo‘yicha davlat-xususiy sheriklikka talabgorlardan taklif tushmasa, obyektlarni bir oy muddatda elektron onlayn auksionga chiqarish imkoniyati ham belgilangan.
Hozircha ochiq rasmiy hujjatlarda aynan ushbu ikki lot bo‘yicha kelgusidagi foydalanish ssenariysi va investor zimmasiga yuklanadigan barcha majburiyatlar ko‘rinmaydi. 660 milliard so‘mlik aktivning savdo shartlari, yer huquqining turi, obyektlarning kadastr ma’lumotlari va xaridorga qo‘yiladigan investitsiya majburiyatlarini ham ochiqlanmagan. Chunki «Navro‘z» bog‘i 2017-yilda shunchaki ko‘chmas mulk sifatida emas, poytaxtning madaniy va sayyohlik salohiyatini oshirishga qaratilgan davlat loyihasi sifatida tashkil etilgan edi. Endi uning ko‘chmas mulklarini yer maydoni bilan birga sotish jarayonida jamoat manfaati qanday himoya qilinishi masalasi ham savdoning o‘zi kabi ochiq va shaffof bo‘lishi kerak.
2025-yilning 9−10-fevral kunlari ijtimoiy tarmoqlarda bog‘da qurilish rejalashtirilayotgani haqida ma’lumot paydo bo‘lgandi. «Golden House» qurilish kompaniyasining mahsulot bo‘yicha direktori Vadim Pavlovning taqdimotida «Anhor Lokomotiv» bog‘i hududida biznes va premium toifadagi ko‘p qavatli turarjoy binolari, biznes markazi va savdo markazi, basseynli sport majmuasi, konferensiya markazi, apart-mehmonxona, sayr qilish joylari, suv bo‘yida restoranlar va boshqa obyektlar qurilishi rejalashtirilgani aytilgandi.

Shuningdek, sun’iy suv havzasi va bolalar plyaji barpo etish ko‘zda tutilgandi. Attraksionlar olib tashlanishi kutilayotgani, biroq qo‘shni «Navro‘z» etnoparki hududi va charxpalak buzilmasligi aytilgandi. Maketga ko‘ra, savdo majmuasi, karting-klub, qoyaga chiqish zonasi ham buzilishi ma’lum qilingandi.
«Anhor Park» qachon ochilgan?
Park qurilishi 2015-yilda Toshkent mexanika zavodining sobiq «A» hududi o‘rnida boshlangan. Bosh loyihachi «Toshtemiryo‘lloyiha», hudud egasi esa «O‘zbekiston temir yo‘llari» edi. Bog‘ Toshkentning Shayxontohur tumanidagi Labzak va Zulfiyaxonim ko‘chalari oralig‘idagi Anhor kanali bo‘ylab 8 gektar maydonni egallagan. U 2016-yilning avgustida rasman ochilgan. Bog‘ hududida bolalar va kattalar uchun attraksionlar, o‘yin maydonchalari, 320 o‘rinli yozgi teatr, musiqa va yorug‘lik jo‘rligidagi favvoralar hamda kafe va restoranlar ochilgan.
Shuningdek, bu yerda karting, bolalar maydonchalari, restoranlar va kinoteatrga ega uch qavatli savdo-ko‘ngilochar majmua joylashgan. Yo‘l bo‘yida do‘konlar va fudkortga ega savdo markazi qurilgan. Unda 2020-yilda «Makro» supermarketlar tarmog‘ining filiali ochilgan.

2022-yilning fevral oyida 8,35 gektar maydonni egallagan bog‘ hududi 376,5 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarildi — bu «E-auksion» tarixidagi eng qimmat lot edi. Avvalgi rekord 2021-yil yanvarida 242,8 milliard so‘mga sotilgan sobiq «Toshkent savdo markazi» binosiga tegishli edi. Biroq 376,5 mlrd so‘mlik savdo natijalari e’lon qilinmagan.

Hozirda bog‘ning yagona ta’sischisi va egasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hisoblanadi. Parkning ustav fondi — 205,3 mlrd so‘m.


«Anhor Park» savdo markazi loyihasini ishlab chiqishda ilgari «Golden House Property Group» (hozirda — «Unique Trade Business») ga 100% tegishli bo‘lgan «The Tower FMG» kompaniyasi ishtirok etgan. Ayni paytda savdo markazi binosi ham «The Tower FMG» tomonidan boshqariladi.
To‘rtta binodan iborat loyiha kengaytirildimi?
Urbanist Iskandar Soliyevning yozishicha, dastlab loyihada 4 ta bino qurilishi va obodonlashtirish ishlari ko‘zda tutilgan bo‘lgan. Buyurtmachi «Park Retail» kompaniyasi bo‘lib, uning ta’sischilari Qurilish universal kompakt servis (99 foiz) va Shohrux Tolipov (1 foiz) hisoblanadi. Ilgari «Park Retail» ta’sischilari orasida «Anhor Sayli» (bog‘ga egalik qiluvchi) ham 10 foiz ulush bilan bor edi. Ushbu kompaniya ilgari «Golden House» bilan bog‘liq bo‘lgan «Unique Trade Business» MCHJdan uchastkani sotib olgan (OAV ma’lumotlariga ko‘ra, dastlab u loyiha bilan shug‘ullangan).

Faollar park buzilishiga qarshi chiqqandi
Ekofaollar «Anhor» bog‘ining qurilishiga qarshi chiqib, jiddiy ekologik va shaharsozlik xavflarini ta’kidlagandi. Ular park sobiq Toshkent mexanika zavodi hududida tashkil etilgani, u yerda hanuzgacha sanoat obyektlari qoldiqlari, jumladan, bombapanoh va yoqilg‘i moddalari ombori saqlanib qolganini eslatib o‘tdi. Ularning fikricha, bog‘ni buzish va keyinchalik qurilishni amalga oshirish xavfni yuzaga keltirib chiqarishi mumkin.
Bundan tashqari, faollar bog‘ shahar ekotizimida muhim rol o‘ynashini ta’kidlagan. Faollar avvalroq bu joyda «Golden House» qurilishi rejalashtirilgani, biroq geologik ekspertiza o‘tkazilgandan so‘ng, sud hududni daryoga yaqinligi sababli yaroqsiz deb topganini eslatgandi.
Faollar shaharga yangi baland binolar emas, yashil hududlar kerakligini urg‘ulagandi. Shu bilan birga, ular bog‘da 2016-yildan beri ekilgan o‘n minglab daraxtlar parkni dam olish uchun qulay joyga aylantirgani va endi barcha ko‘kalamzorlashtirish ishlari yo‘qqa chiqishi mumkinligini qayd etgandi. Faollar hokimiyat va quruvchilar tomonidan bog‘ning kelajagi masalasida ochiqlik, loyihaning jamoatchilik muhokamasi, vaziyatga izoh bermagan O‘zbekiston Ekologik partiyasidan tushuntirishlar berishni talab qilgandi.

«Nima uchun Toshkentda avval yashil hududlar yaratiladi, unga kuch va mablag‘ sarflanadi, bir necha yildan keyin esa qurilish maqsadida yo‘q qilinadi? Qani sog‘lom fikr?», — deya yozgandi ijtimoiy tarmoq faollari.
Shuningdek, aholi qurilishga qarshi imzo yig‘ishni boshlagandi. Petitsiyani 1 mingdan ortiq kishi qo‘llab-quvvatlagandi.
Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi nima deyapti?
Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasi Toshkent shahridagi ayrim yashil hududlar o‘rnida avtoturargoh qurilishi, jamoat parki rejalashtirilgan hududlar auksion savdolariga chiqarilgani bilan bog‘liq xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Qo‘mita shahar markazidagi mavjud yashil hududlar qisqarishi, aholi sayr qilishi va dam olishi uchun qulay jamoat joylari o‘rnida konstruktiv qurilishlar bo‘lishi mutlaqo maqsadga muvofiq emasligini qayd etgan.
«Avtoturargohlar tashkil etishda ko‘kalamzor maydonlar qisqarishiga hamda piyodalar uchun yaratilgan sharoitlar yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak», — deyiladi bayonotda.
Shuningdek, «Navro‘z» bog‘iga tegishli ko‘chmas mulk obyektlaridan birining yer maydonida hukumat qaroriga muvofiq jamoat parki barpo etilishini ta’minlash zarurligi ta’kidlangan.
Milliy qo‘mita Toshkent shahridagi mavjud yashil hududlar qisqarishining oldini olish, jamoat parki uchun belgilangan hududni saqlab qolish, undan faqat belgilangan maqsadlarda foydalanish va aholi manfaatlarini ta’minlash shart, deb hisoblashini bildirgan.





