
Putin migrant oilalar sonini cheklaydigan yangi siyosatni tasdiqladi
16.10.2025 | 11:125443
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan davlat migratsiya siyosati konsepsiyasini tasdiqladi. Yangi hujjat mamlakatdagi migrantlar sonini cheklash va mehnat bozoridagi muhojirlar hissasini nazorat qilishni ko‘zda tutadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan davlat migratsiya siyosatining yangilangan konsepsiyasini tasdiqladi. Hujjat mamlakatning rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilingan bo‘lib, u 2018 yildan buyon amal qilib kelayotgan dasturni almashtiradi.
Yangi siyosatga ko‘ra, Rossiyaga mehnat faoliyati uchun kelayotgan migrantlar soni 2030 yilgacha o‘sishda davom etadi. Bu iqtisodiyotning ayrim sohalarida chet el ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj saqlanib qolayotgani bilan izohlanadi. Biroq hukumat migratsiya jarayonlarini qattiqroq nazorat qilishni maqsad qilgan.
Konsepsiyada Rossiyaga kirish va chiqish qoidalari, vaqtinchalik yashash, boshpana va fuqarolik olish masalalari aniq belgilab berilgan. Hujjat 9 bo‘lim va 46 banddan iborat.
Konsepsiyada quyidagilar ham ta’kidlangan:
Rossiyaga ko‘chib kelayotgan an’anaviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlaydigan chet elliklar soni ortishi kerak;
Rossiyada maktabga qatnamaydigan migrant bolalar soni kamayishi lozim;
Hukumat migrantlarning ishlamaydigan va o‘qimaydigan oila a’zolarining Rossiyada yashashini cheklaydi;
Rossiya hukumati etnik anklavlarning shakllanishi va migrantlarning jamiyatdan chetlashishiga qarshi choralar ko‘radi;
Rossiya migratsiya sohasidagi davlat nazoratini kuchaytirish uchun axborot texnologiyalari va biometriyani keng joriy etadi.
Rossiya tomoni 2030 yilgacha noqonuniy migrantlar sonini keskin kamaytirish, xorijiy talabalar ulushini oshirish va umumiy migratsiya tizimini raqamlashtirish orqali davlat nazoratini kuchaytirishni ko‘zlamoqda.





