
Putin Ukrainaga bosqinni «haq yo‘lidagi jang» deb atadi
13.09.2025 | 20:0243993
Rossiya prezidenti Moskva kuni munosabati bilan nutq so‘zlab, Ukrainadagi urushni «adolat va haq yo‘lidagi kurash» deb atadi hamda moskvaliklarga minnatdorlik bildirdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 12 sentyabr kuni Moskva shahrining 878 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqida Ukrainaga qarshi urushni «adolat va haq yo‘lidagi kurash» deb atadi. U Moskva aholisini «vatan yo‘lida jang qilgani va mehnatkashligi» uchun alohida ta’kidlab, ularning urushdagi hissasini e’tirof etdi.
«Moskva — Rossiya armiyasining mustahkam orqa frontidir», — dedi Putin «Zaryadiye» konsert zalidagi chiqishida. Uning aytishicha, faqat Moskvada o‘zida 500 dan ziyod korxona harbiy ehtiyojlar uchun ishlayapti, yuzlab shifokorlar va maxsus xizmat xodimlari Donbass va «Navorossiya» aholisiga yordam ko‘rsatmoqda.
Putin, shuningdek, Ukrainadagi urushda «o‘n minglab moskvaliklar» faol ishtirok etayotganini qayd etdi. Ulardan ko‘pchiligi frontda jang qilmoqda, bir qismi esa jarohat olib, Moskva klinikalarda davolanmoqda. U mamlakat fuqarolarini yanada faol va «vatanparvar» bo‘lishga chaqirdi.
Putin o‘z nutqida Moskva shahrini «dunyodagi eng yaxshi shahar» deb atadi va ayniqsa IT sohasidagi yutuqlarini alohida ta’kidladi. Unga ko‘ra, moskvaliklar «vatan taqdiri uchun mas’uliyat hissi» va «yelka suyanchini berishga tayyorlik» kabi ma’naviy qadriyatlarga ega.
Eslatib o‘tamiz, Moskva meri Sergey Sobyanin ham iyul oyidagi chiqishida urushda 100 mingga yaqin moskvaliklar qatnashganini aytgan va urushni «vatanni himoya qilish» deb atagan edi.





